Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) so‘nggi haftalarda hokimlar, mahalla raislari va turli tashkilotlar rahbarlarining fuqarolar uylariga kirib, xonadon va hovlilarni tartibga keltirishni talab qilishini Konstitutsiyaning buzilishi sifatida baholadi. Partiya bu holatlarni jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan noqonuniy amaliyot deb hisoblaydi.

Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning fuqaro xonadonidagi sovitkichni ko‘zdan kechirgani va ayol bilan haqoratomuz muomala qilgani, shuningdek, mahalla vakillarining aholini jarima bilan qo‘rqitgani kabi holatlar keskin tanqidga uchradi. XDP bu kabi usullar inson qadr-qimmatini kamsitish ekanini ta’kidlab, mutasaddilarni qonun ustuvorligi, inson qadri, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy sheriklik tamoyillariga amal qilishga chaqirdi.

Partiya, shuningdek, Chinoz tumani hokimi Sherzod Salihovning obodonlashtirish talablari bajarilmagan taqdirda xonadonlarga “Uyatli xonadon”, mahallalarga esa “Sharmandali mahalla” kabi tamg‘alar o‘rnatish tashabbusini alohida qayd etdi. XDP bu tashabbusni qonunga zid deb hisoblaydi va fuqarolarni jamoatchilik oldida sharmanda qilishga urinish demokratik davlat tamoyillariga mos emasligini bildirdi.

“Albatta, xonadonlarni, ko‘cha va mahallalarni obod qilish ezgu tashabbus, bu har bir fuqaroning ijtimoiy mas’uliyatidir. Biroq, bu ezgu tashabbusni amalga oshirish shaxsiy namuna, ijtimoiy hamkorlik, qonun va inson qadriga hurmat hamda amaliy yordam ko‘rsatish, qo‘llab-quvvatlash asosida tashkil etilishi maqsadga muvofiq”, — deya ta’kidlanadi XDP xabarida.

XDP, shuningdek, mahallalar obodligi yo‘llar, ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti, muhandislik kommunikatsiyalari, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish kabi vazifalar samarali bajarilishi bilan bog‘liqligini eslatdi. “Bu borada mahalliy hokimliklar va boshqa mutasaddi tashkilotlar qonuniy majburiyatini o‘z vaqtida va sifatli bajarishi zarur”, — deyiladi bayonotda.

Partiya fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash hamda har bir mutasaddining odob-axloq qoidalariga rioya qilishi lozimligini qayd etdi. “Insonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, qonunlarda nazarda tutilmagan ma’muriy choralar qo‘llashga urinish demokratik huquqiy davlat boshqaruvi tamoyillariga ziddir”, — deya ta’kidladi XDP.

Source: www.gazeta.uz