Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 26 million so‘m evaziga abituriyentni tibbiyot yo‘nalishiga, ya’ni Buxoro innovatsion ta’lim va tibbiyot universitetiga to‘rtinchi kursga birdaniga kiritishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi jabrlanuvchining ishonchini qozonib, Qozog‘istonning biror oliy o‘quv yurtida birinchi kursdan uchinchi kursgacha o‘qiganligi haqida soxta hujjatlar tayyorlab berishini, shu asosda O‘zbekiston universitetiga to‘rtinchi kursga o‘tishni rasmiylashtirish mumkinligini aytgan.
Erkak 26 million so‘mni olayotgan paytida qo‘lga olingan. Pul moddiy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Ushbu holat yuzasidan firibgarlikka urinish va pora berishga undash moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqand va Xorazm viloyatlarida nogironlikni rasmiylashtirishda yordam berish evaziga pul olgan shifokorlar ushlangan edi. Ikkala holat bo‘yicha ham firibgarlik va pora bilan bog‘liq jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Source: podrobno.uz