Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudi Namangan shahrining sobiq hokimi Anvarjon Otaxodjayevga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi. Jumladan, 59-modda 3-qismiga muvofiq, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan sobiq hokimga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud jarayonida ushbu jinoyat ishi bo‘yicha yana 6 nafar shaxsga nisbatan tegishli jazo choralari belgilandi. Xususan, 3 nafar sudlanuvchiga 7 yildan 10,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 nafariga 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari hamda 1 nafar sudlanuvchiga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Taraflar birinchi instansiya sudining qarori ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Farg‘ona viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning sentabr oyida DXX Anvar Otaxo‘jayevning qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda shahar hokimi poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari bilan til biriktirib, tadbirkorga shahar hududidagi 35 sotix yerda ko‘p qavatli uy qurish huquqini olib berishni va’da qilgani aytilgan. Buning evaziga ular 60 ming dollar talab qilishgan.
Otaxodjayev 2023-yil dekabr oyida Namangan shahri hokimi etib tayinlangan. U 1972-yilda Namanganda tug‘ilgan. 1994 va 2002-yillarda Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti, 2011-yilda Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
Source: www.gazeta.uz