O‘zbekiston hukumati joriy yilda iqtisodiyot va ijtimoiy sohada sun’iy intellekt (AI) asosidagi loyihalar sonini 100 dan oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimotda ma’lum qilindi.
AI yechimlari sog‘liqni saqlash, energetika, transport, bojxona va boshqa sohalarga joriy etiladi. Ushbu tarmoqlarda raqamli transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish va samaradorlikni oshirish ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda AI ekotizimini shakllantirish bo‘yicha erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar muhokama qilindi. Ustuvor yo‘nalishlar sifatida tibbiyot, energetika, transport, bojxona ma’muriyatchiligi, yuridik xizmatlar, jamoat xavfsizligi, ekologiya va geologiya belgilandi.
Loyihalarni amalga oshirish uchun IT Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sun’iy intellekt laboratoriyalari bilan hamkorlik kuchaytiriladi. Yil oxirigacha AI sohasida faoliyat yurituvchi rezidentlar soni 300 taga yetishi kutilmoqda.
Ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 2 trillion so‘mga, eksportni esa 160 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatda AI ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli dasturning bir qismidir.
Avvalroq O‘zbekistonda AI loyihalarini rivojlantirish uchun hisoblash quvvatlarini kengaytirishga qo‘shimcha 70 million dollar yo‘naltirilishi xabar qilingan edi. Mablag‘lar mavjud klusterni modernizatsiya qilish va yangi infratuzilma yaratishga sarflanadi.
Source: podrobno.uz