Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yaqin bir yil ichida O‘zbekistonda bir qator yuqori lavozimli amaldorlar jinoiy javobgarlikka tortildi. Xususan, ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev, Davlat aktivlari agentligi sobiq direktori Akmalxon Ortiqov hamda 90 million dollar zarar ko‘rilgani aytilayotgan Koreya ishiga aloqador Davlat xavfsizlik xizmati Ichki xavfsizlik boshqarmasining sobiq boshlig‘i Alijon Ashurovning ishlari sudda ko‘rila boshlandi.

Biroq, qonun muhofazasidagi ma’lumotlar borligi vaji bilan sudlar ushbu jarayonlarni yopiq ko‘rishga ajrim chiqargan. Bu esa jamoatchilik tomonidan ochiqlik va shaffoflik prinsipiga zid deb baholanmoqda. Gazeta ushbu masalani Toshkent shahri sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarov va inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov ishtirokida muhokama qildi.

Tursunali Akbarovning ma’lumot berishicha, 2026-yilning birinchi yarimyilligida Toshkent shahri sudlari tomonidan 451 ta jinoyat ishi bo‘yicha 727 nafar mansabdorga hukm o‘qilgan. Ulardan 3 nafari oqlangan, qolganiga aybdorlik darajasidan kelib chiqib jazo belgilangan. Jumladan, Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan 18 nafar shaxsga nisbatan 15 ta jinoyat ishi ko‘rilgan.

Korrupsion jinoyatlar turkumi kengaygan: endilikda 15 ta modda korrupsion jinoyatlar turkumiga kiritilgan. Hukm chiqarilgan amaldorlarning 68 nafari ayollar, 180 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar, 27 nafari 60 yoshdan o‘tganlar va 10 nafari chet el fuqarosi hisoblanadi.

Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning fikricha, amaldorlar jinoyati bilan bog‘liq ishlar anchadan beri yopiq tarzda ko‘rib kelinadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat huquqiy emas, balki ijtimoiy-siyosiy jihatdan kvalifikatsiya qilinmoqda. “Rashidjon Qodirov boshchiligidagi Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev darajasidagi ishlar ham yopiq ko‘rilgan. Bu hukumat iddao qilayotgan ochiqlik siyosatiga mos kelmaydi”, deydi u.

Tashanov, shuningdek, advokatlar tomonidan “sudlanuvchilar jamoatchilikka ko‘rinish berishni xohlamayapti” degan vaj bilan iltimosnoma kiritilayotganini va sudlar ham buni bahona qilib jarayonni yopayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, jamoatchilikning huquqi ustuvorroq, chunki ular soliq to‘lovchilar hisobidan yashagan.

Tursunali Akbarov esa bu fikrlarga raddiya bildirib, Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga binoan sudlar yopiq o‘tishi mumkinligini, bunda davlat sirlari yoki shaxsga doir ma’lumotlar himoya qilinishini aytdi. U hozirda Toshkent shahrida jamoatchilik e’tiboridagi 4 ta sud ishi ko‘rilayotganini, ulardan faqat “O‘zbekneftgaz”ga oid ish ochiq o‘tayotganini ma’lum qildi.

Akbarovning aytishicha, yopiq sud majlislari qonun talabi bo‘lib, bu davlat manfaatlarini himoya qilish uchun zarur. U, shuningdek, yopiq auksionlar va harbiy sohaga oid ma’lumotlar qonun bilan muhofaza qilinishini ta’kidladi.

Mavzu yuzasidan batafsil ma’lumotni gazetaning YouTube sahifasidagi to‘liq suhbatda ko‘rish mumkin.

Source: www.gazeta.uz