O‘zbekistonda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida “qizil” toifaga kiritilgan muammoli transformatorlarni 1-sentabrga qadar ta’mirlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 6-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot yakunlari bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv raisi Sardor Isaqulov ma’lum qildi.
Sardor Isaqulovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda energetika sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish imkonini berdi. Biroq, bugungi kunda eng quyi bo‘g‘in — hududiy elektr tarmoqlaridagi uzilishlar va kamchiliklar tadbirkorlar hamda aholi tomonidan bildirilayotgan asosli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Prezident Yangiyo‘l tumani misolida (u yerda energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev rahbarligida maxsus shtab tashkil etilgan) taqsimlash elektr tarmoqlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlarning asosiy yo‘nalishlarini batafsil belgilab bergan. Bunda elektr energiyasidagi yo‘qotishlarni kamaytirish va sohaning kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
“Bugungi kunda elektr uzilishlari aholi va tadbirkorlarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan, shuningdek, debitor qarzdorlik yuqori bo‘lgan tumanlar tanlab olindi. Energetika vazirligi rahbarligida har bir hududga mas’ul rahbar xodimlar biriktirildi”, — dedi kompaniya rahbari.
Uning ta’kidlashicha, biriktirilgan rahbarlar elektr tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini tashkil etishi, shuningdek, elektr ta’minotida uzilishlarning oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishi lozim. Prezident topshirig‘iga muvofiq ishlar allaqachon boshlangan. Ayni paytda hududlarda transformatorlar va elektr tarmoqlarining texnik holati o‘rganilib, tahlil qilinmoqda.
“Eng avvalo, „qizil“ toifaga kiritilgan transformatorlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular kuz-qish mavsumi boshlangunga qadar, ya’ni 1-sentabrgacha ta’mirlanib, mavsumga to‘liq tayyor holatga keltirilishi belgilangan”, — dedi Sardor Isaqulov.
Shuningdek, uning aytishicha, Prezident energetika sohasi korxonalariga alohida topshiriqlar bergan hamda kelayotgan kuz-qish mavsumini elektr ta’minoti tizimi uchun sinov davri sifatida belgilagan. “Kuz-qish mavsumi har bir tadbirkor va aholini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash masalasida sinov mavsumi deb belgilandi. Shu bois bu mavsumda bizning mas’uliyatimiz ikki baravar ortadi. Biz ishimizni aynan shu talabdan kelib chiqib tashkil etamiz”, — dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv raisi.
27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasini boshqarish tizimini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda elektr tarmoqlari, podstansiyalar va uskunalarni yangilash uchun 30 trillion so‘m yo‘naltirilganiga qaramay, avariyalar va uzoq davom etadigan elektr uzilishlari hamon saqlanib qolmoqda. Yarim yil ichida elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 17,2 foizga, ya’ni 4,8 milliard kilovatt-soatga yetgan. Shuningdek, 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagich avtomatlashtirilgan tizimlarga ma’lumot uzatmayotgani ham qayd etilgan.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbariyati o‘zgardi. Shu bilan birga, bir qator yirik energetika kompaniyalari rahbarlari uchun yil oxirigacha sinov muddati belgilandi. Yangiyo‘l tumanida esa har bir mahalla, transformator va gaz taqsimlash punkti kesimida manzilli ishlashga qaratilgan pilot tizim joriy etiladi. Keyinchalik ushbu tajribani butun mamlakat bo‘ylab ommalashtirish rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz