O‘zbekiston, Toshkent – Podrobno.uz. Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Xiva tumanidagi “Chodra hovli” tarixiy ob’ekti holati haqida tarqalgan xabarlarga Madaniy meros agentligi rasmiy izoh berdi.
Agentlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yodgorlikning tarixiy-me’moriy qiyofasini saqlab qolish maqsadida 2022–2023-yillarda ob’ektda keng ko‘lamli restavratsiya ishlari olib borilgan. Loyiha Madaniy meros agentligi buyurtmasiga asosan Xiva mintaqaviy restavratsiya markazi tomonidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan.
Ta’mirlash jarayonida mutaxassislar ayvonlar va zinapoyalarni ta’mirlab, mustahkamlagan, tashqi devorlarni somonli suvoq bilan, ichki devorlarni esa ganch bilan qoplashgan. Ish davomida zamonaviy qurilish yechimlaridan imkon qadar voz kechilib, an’anaviy me’moriy uslubga qat’iy rioya qilingan. Shuningdek, ob’ekt hududi obodonlashtirilib, yo‘lakchalar yotqizilgan va tungi yoritish tizimi o‘rnatilgan.
Hozirda ob’ekt davlat muhofazasida bo‘lib, uning atrofida turistik infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish rejalashtirilgan. Tarixiy majmua 1871-yilda Xiva xonlarining yozgi qarorgohi sifatida qurilgan. “Chodra” nomi fors tilidagi “chordara” so‘zidan olingan bo‘lib, “chor” to‘rt, “dara” esa tik chuqurlik degan ma’noni anglatadi.
Source: podrobno.uz