Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yuk va yengil mashinalar ishtirokida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Viloyat YHXB xabariga ko‘ra, hodisa 9-avgust kuni soat 10:30 atrofida xalqaro ahamiyatga ega M-34 Toshkent — Dushanbe avtomobil yo‘lining 125-kilometrida joylashgan qayrilib olish qismida yuz bergan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Shacman yuk avtomobili qayrilib olayotgan vaqtida u bilan bir yo‘nalishda, yo‘lning chap bo‘lagi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Captiva unga urilgan. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda har ikkala transport vositasi ham yonib zararlangani ko‘rinadi.

Oqibatda Captiva haydovchisi hamda unda bo‘lgan 2 nafar yo‘lovchi olgan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Yuk mashina haydovchisining ahvoli haqida ma’lumot berilmagan.

Hozirda holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Source: www.gazeta.uz