O‘zbekiston Senati Samarqand viloyatidagi ma'muriy chegaralarni o‘zgartirishni ma'qulladi. Qarorga ko‘ra, Samarqand shahri hududi sezilarli darajada kengaytiriladi, Samarqand tumani esa tugatiladi.
Hujjatga muvofiq, Samarqand shahri tarkibiga 17 ming gektardan ortiq yer maydoni qo‘shiladi. Shu bilan birga, Samarqand tumani tugatilib, uning 28 ming gektarga yaqin hududi Toyloq tumaniga beriladi.
O‘zgarishlardan so‘ng shahar aholisi taxminan 880 ming kishiga yetishi kutilmoqda. Bu esa Samarqandni millionlik shahar maqomiga yaqinlashtiradi va yangi sanoat zonalari, texnoparklar hamda xizmat ko‘rsatish loyihalarini rivojlantirish imkonini beradi.
Alohida ta'kidlanishicha, qishloq xo‘jaligi yerlari o‘z maqsadini saqlab qoladi — berilayotgan 6,3 ming gektar yerning toifasi o‘zgarmaydi. Bu qishloq xo‘jaligi manfaatlarini hisobga olish va mintaqaning ekologik muvozanatini saqlash imkonini beradi.
Qaror Samarqandni yirik turistik va iqtisodiy markaz sifatida rivojlantirish maqsadida qabul qilindi. Hokimiyat shahar kengayishi zich qurilishni yengillashtirish, yo‘llarni yaxshilash va zamonaviy infratuzilma yaratishga yordam berishiga umid qilmoqda. Bundan tashqari, o‘zgarishlar Samarqandni investorlar va sayyohlar uchun yanada jozibador qiladi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va shahar aholisining turmush sharoitini yaxshilaydi.
Avvalroq Samarqand, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarining o‘zgarishi haqida xabar berilgan edi. Chegaralar o‘zgargach, yer usti metrosi, yo‘llar, ko‘priklar, kommunikatsiya tunnellari qurilishi hamda zamonaviy biznes markazini yaratish rejalashtirilgan.
Source: podrobno.uz