Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

10 avgust kuni Toshkent xalqaro aeroportida Etihad Airways aviakompaniyasining Abu-Dabi – Toshkent yo'nalishidagi ilk reysi kutib olindi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Airbus A320 samolyoti poytaxt aeroportiga soat 02:05 da qo'ndi. Aviatsiya an'anasiga ko'ra, samolyot suv arkasi bilan kutib olindi, yo'lovchilar va ekipaj a'zolariga esa milliy shirinliklar va gullar taqdim etildi.

Aeroportning kelish zonasi bo'limida Etihad Airways, Uzbekistan Airports va BAA elchixonasi vakillari ishtirokida bayramona marosim bo'lib o'tdi.

Uzbekistan Airports matbuot xizmati ta'kidlashicha, Etihad Airwaysning O'zbekiston bozoriga kirishi mamlakat xalqaro aviaqatnovini rivojlantirishda muhim voqea hisoblanadi. Ular bu hamkorlikning yangi imkoniyatlar yaratishini va O'zbekistonning xalqaro aviatsiya xaritasidagi mavqeini mustahkamlashini qayd etdi.

Kunlik to'g'ridan-to'g'ri reyslar Abu-Dabi bilan nafaqat biznes va turistik aloqalarni rivojlantiradi, balki yo'lovchilarga mintaqadagi yirik aviatsiya markazlari orqali keyingi sayohatlar uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.

Parvozlar har kuni Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Etihad Airways – Birlashgan Arab Amirliklarining milliy aviatashuvchisi bo'lib, 2003-yilda tashkil etilgan va Abu-Dabi xalqaro aeroportida joylashgan. Aviakompaniya keng yo'nalish tarmog'iga ega va dunyoning yetakchi aviatashuvchilaridan biri hisoblanadi.

Source: uznews.uz