O‘zbekistonda davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Dolzarb 40 kun” umummilliy aksiyasi davom etmoqda. Tadbirlar 28 iyuldan 6 sentyabrgacha bo‘lib o‘tmoqda.
Aksiya doirasida hududlarni obodonlashtirish, aholi punktlarining sanitariya holatini yaxshilash, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish va aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda uning hududiy bo‘linmalarida maxsus shtablar tuzilgan. Hududlarga mas’ul xodimlar biriktirilgan, kechayu-kunduz navbatchilik va kunlik monitoring yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda aksiya bilan respublikadagi 8150 mahalladan 3604 tasi qamrab olingan.
Har kuni sanitariya tozalash ishlariga o‘rtacha 3–4 ming birlik maxsus texnika va 8–10 ming ishchi jalb qilinmoqda. Kuniga 16–20 ming tonna maishiy va 1,5–2 ming tonna qurilish chiqindilari olib chiqilmoqda.
Jumladan, 5 avgust kuni 2732 texnika va 8996 mutaxassis ishtirok etib, bir sutkada 18,5 ming tonna chiqindi olib chiqilgan. Aniqlangan 64 ta nosozlikdan 52 tasi zudlik bilan bartaraf etilgan, 12 tasi almashtirilgan, 155 ta mashina zaxirada turibdi. Aksiyaning dastlabki 10 kunida 137 poligonga 125 526 tonna chiqindi joylashtirilgan, shu maqsadda 39 130 reys amalga oshirilgan.
Atrof-muhitni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazorat davomida 97 ta qoidabuzarlik aniqlanib, jami 165,4 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima solingan. Bayram arafasida bozorlar, bog‘lar, dam olish maskanlari hamda maktab va bog‘chalar hududlari tozalash ishlari kuchaytirilgan. Sanitariya qirqishidan qolgan yog‘och qoldiqlari organik o‘g‘it ishlab chiqarishga yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, mutaxassislar fuqarolarning tozalik bo‘yicha 327 ta murojaatini ko‘rib chiqib, 275 tasini joyida hal qilgan.
Source: podrobno.uz