Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan noqonuniy diniy ta’lim berilayotgan maktab aniqlandi. Ushbu maktabda 41 nafar voyaga yetmagan qiz bola ta’lim olgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu noqonuniy ta’lim maskani mahallaning Nurafshon nomli hududida joylashgan turar-joy binosida faoliyat yuritgan. Ota-onalar qizlarini Qo‘qon, Uchko‘prik, Yozyovon, Dang‘ara va Bag‘dod tumanlaridan olib kelishgan. Har bir bola uchun oyiga 600 ming so‘m to‘lov qilingan.
Darslarni olib borgan ayol oliy ma’lumotga va tegishli diplomga ega bo‘lmagan. Uning ustidan diniy ta’limotlarni o‘qitish tartibini buzganlik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, darslarga qatnashgan voyaga yetmaganlarning ota-onalariga nisbatan bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganliklari uchun ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida ham qizlarga noqonuniy diniy ta’lim berilayotgan xujra faoliyati to‘xtatilgan edi.
Source: podrobno.uz