Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

11-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining yopiq sud majlisi yakunida Aziz Hakimovga doir jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahri sudlari xabar berdi.

Sudlanuvchining harakatlarida Jinoyat kodeksining 150-moddasida (Urushni targ‘ib qilish) nazarda tutilgan jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (Reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlandi.

Aziz Hakimov Jinoyat kodeksi 139-moddasining 2-qismida (Tuhmat), 140-moddasining 2-qismida (Haqorat qilish) hamda 156-moddasining 2-qismida (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topildi.

Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 4 yil, 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jazoni o‘tash muddati 2025-yilning 26-sentabridan hisoblanishi belgilandi.

Shuningdek, sud hukmi bilan Raqamli texnologiyalar vazirligiga sudlanuvchi tomonidan yuritilgan Telegram messenjeridagi “Comrade_Aziz” kanalini bloklash majburiyati yuklatildi.

Bundan tashqari, 2025-yil avgustda Aziz Hakimov Jurnalistika universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja arizasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2-moddasi (Yolg‘on ma’lumot tarqatish) bilan aybdor deb topilgandi.

Jabrlanuvchilardan biri, bloger Nikita Makarenko Aziz Hakimovni O‘zSSRni ulug‘laydigan va O‘zbekiston mustaqilligining qadrini poymol qiladigan materiallarni e’lon qilib kelayotganini aytgandi.

“Ukrainadagi urushni targ‘ib qiluvchi hamda fuqarolarimizni xorijiy qurolli kuchlarga yollashga da’vat etuvchi materiallarni faol e’lon qilib kelmoqda. Umid qilamanki, mutasaddi idoralar ushbu huquqbuzarliklar yuzasidan ham tegishli ishlarni qo‘zg‘atadi”, — deb yozgandi Makarenko.

Source: www.gazeta.uz