O‘zbekiston 2027-yil 1-yanvardan boshlab Xalqaro elektrotexnika komissiyasining (MEC) to‘laqonli a’zosiga aylanadi. Bu haqda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning MEC bosh kotibi Filip Metzger bilan uchrashuvida ma’lum bo‘ldi.
Uchrashuvda xalqaro standartlashtirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar milliy mutaxassislarni tayyorlash, o‘zbekistonlik ekspertlarning MEC texnik qo‘mitalarida ishtiroki va xalqaro standartlarni mamlakatda joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
To‘laqonli a’zolik O‘zbekistonga nafaqat tayyor standartlarni qo‘llash, balki ularni yaratishda ham ishtirok etish imkonini beradi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ushbu maqomga ega bo‘lgan yagona davlatga aylanadi.
O‘zbekistonning MEC bilan hamkorligi 2015-yilda hamkorlik dasturiga qo‘shilish bilan boshlangan. 2023-yilda respublika tashkilotning assotsiatsiyalangan a’zosi bo‘ldi. Shu tariqa, 12 yildan kam vaqt ichida mamlakat hamkorlik dasturidan to‘laqonli a’zolikka o‘tdi.
Bugungi kunda MEC 11 mingdan ortiq xalqaro standartlarni ishlab chiqqan bo‘lib, ulardan 2 mingga yaqini O‘zbekistonda qabul qilingan. Hamkorlik istiqbollari IT, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, elektrotexnika, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya sohalari bilan bog‘liq.
Tomonlar milliy ekspertlarni tayyorlashni kuchaytirish va ularning xalqaro texnik qo‘mitalardagi ishtirokini kengaytirishga kelishdilar. Uchrashuv ishtirokchilari ta’kidlaganidek, standartlarni joriy etish o‘zbek mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshiradi va jahon bozorlariga chiqish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston standartlashtirish instituti MECning baholash sxemasi a’zosi sifatida qabul qilingan bo‘lib, bu o‘zbek ishlab chiqaruvchilari sertifikatlarining dunyoning 53 mamlakatida tan olinishini ta’minlaydi.
Source: podrobno.uz