Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov 7-avgust kuni Senatda aholining qarz yuki ortib borayotgani va qarz oluvchilarning kreditlarni uzish qobiliyatidan jiddiy xavotirda ekanini bildirdi. Ushbu bayonot “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga kredit va mikroqarzlar reklamasida moliyaviy tavakkalchiliklar haqida majburiy ogohlantirishlarni joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar muhokamasi chog‘ida aytildi.

Senator Husan Ermatov aholining banklar oldidagi qarzdorligi yuqori darajaga yetganini ta’kidladi. Uning keltirgan Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi bir yil ichida aholiga kredit ajratish 21,2 foizga oshgan, tadbirkorlarning qarzdorligi esa 12 foizga o‘sgan. Olti yil ichida aholining qarzlari besh barobardan ziyod ko‘payib, 231 trillion so‘mga yetgan.

Senator Ermatov Markaziy bank vakilidan reklamada moliyaviy tavakkalchiliklar haqidagi majburiy ogohlantirish qarz yukining keyingi o‘sishini qanchalik jilovlay olishi va bu choraning ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilgan yoki yo‘qligi bilan qiziqdi.

Sanjar Nosirov senatorning xavotirini tasdiqlab, “Juda to‘g‘ri ta’kidladingiz. Bu haqiqatdan ham tashvishli holat. Oxirgi yillarda shunday o‘sish kuzatildi”, dedi. U o‘sishning bir qismi aholining bank kreditlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaygani va o‘tgan yillardagi qondirilmagan talab bilan bog‘liqligini qayd etdi.

Regulyatorning asosiy xavotiri kreditlar hajmining oshishi bilan emas, balki qarz yuki va fuqarolarning qarzdorlikni uzish qobiliyati bilan bog‘liq. “Asosiy xavotirlarimiz raqamlarning o‘zi o‘sayotgani bilan emas, ko‘proq qarz yukining ortib borayotgani, aholi ushbu qarzga xizmat ko‘rsatishga qanchalik qodirligi bilan bog‘liq”, dedi MB raisi o‘rinbosari.

Markaziy bank allaqachon fuqarolarning haddan tashqari qarzga botishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bir nechta cheklovlar joriy etgan. Jumladan, qarzga xizmat ko‘rsatish ko‘rsatkichi 50 foizdan oshmasligi kerak, ya’ni inson oylik daromadining ko‘pi bilan 50 foizini kredit to‘lashga yo‘naltirishi lozim. Yil boshidan qarz summasining daromadga nisbati bo‘yicha cheklov kiritildi: rasmiy daromadda kredit hajmi uning 8 baravaridan, norasmiy daromadda esa 5 baravaridan oshmasligi kerak.

MB vakili kredit reklamasidagi majburiy ogohlantirishning o‘zi qarz yukini to‘xtata olmasligini tan oldi: “Ushbu mexanizm qarz yukini bevosita to‘xtatib qolmaydi, lekin odamlarning xabardorligi va mas’uliyatini oshiradi. Bu reklama orqali chalg‘itishning oldini olishga hamda odamlarni ongli qarorlar qabul qilishga undashga yordam beradi”.

U xorijiy tajribaga ham to‘xtaldi: Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada bunday choralar kredit bozori faolligi pasaymagan holda qarzga xizmat ko‘rsatishning yaxshilanishi va muddati o‘tgan qarzdorlikning kamayishi bilan kechgan.

Senator Rustam Xalmuradov Markaziy bankning 2025-yil birinchi yarmidagi moliyaviy barqarorlik materiallaridan ma’lumotlarni ochiqladi: aholi qarz majburiyatlarining 93 foizi bank kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi, qarz yuki ko‘rsatkichi 78 foizni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 18 foizga yuqori.

2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, 9,3 million qarz oluvchida umumiy summasi 610 trillion so‘mlik kredit qarzdorligi mavjud. Shundan 376 mingta kredit shartnomasi bo‘yicha 19 milliard so‘mlik qarzdorlik muammoli kreditlar toifasiga o‘tgan.

Markaziy bankning 2025-yil iyul oyida o‘tkazgan so‘rovnomasiga ko‘ra, respondentlarning 73 foizi banklar yoki nobank tashkilotlari oldida qarzdorligi borligini, 61 foizi qarz majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini ma’lum qilgan. Jismoniy shaxslarning umumiy o‘rtacha qarz yuki darajasi 50 foizni tashkil etdi, bu 2024-yilga nisbatan 16 foizga yuqori.

Source: www.gazeta.uz