Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston, Toshkent – AN Podrobno.uz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga 6 mingga yaqin murojaat kelib tushdi. Ularning 4,2 mingdan ortig‘i ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qariyb 1,8 mingtasini ko‘rib chiqish davom etmoqda.

Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 15 maydan buyon 50 dan ortiq vazirlik va idoralar vakillaridan iborat respublika shtabi kechayu-kunduz ishlamoqda. 8,8 mingdan ziyod tadbirkor ishtirokida 750 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi.

5 mingdan ortiq tadbirkor o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, raqamli platformalar va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etgan korxonalarda savdo va ish haqi ko‘rsatkichlari yuqori. Biroq bunday korxonalar ulushi bor-yo‘g‘i 11,6 foizni tashkil etadi. 28,5 foiz korxonalar samaradorlikni oshirish uchun hech qanday chora ko‘rmagan.

Biznes uchun asosiy to‘siqlar – kreditlar bo‘yicha yuqori foizlar, garovlarning past baholanishi va hujjatlarning ko‘pligi. Korxonalarning 53 foizi xomashyo va energiya resurslari narxlari tufayli tannarxning oshishiga duch kelgan. Shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilishlar va tarmoqlardagi bosim muammolari ham qayd etilgan.

Soliq sohasida tadbirkorlar tekshiruvlar va QQSni qaytarishdagi qiyinchiliklarni ta’kidlagan. 22,3 foiz korxona eksport bilan shug‘ullanadi, biroq ular mijozlar topish, sertifikatlash va logistika muammolariga duch kelmoqda. Sud-huquq sohasida 73 foiz respondent majburiy ijro jarayonida byurokratiyaning salbiy ta’sirini qayd etgan.

Prezident murojaatlarni hududlar va tarmoqlar kesimida tahlil qilishni topshirdi. Muloqotda ko‘tarilgan har bir masala bo‘yicha yechim, amalga oshirish mexanizmi, mas’ullar va muddatlar belgilanadi.

Source: podrobno.uz