Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashining qaroriga muvofiq, Yakkasaroy tumanidagi “Moviy gumbazlar” bog'ida o'sayotgan 350 yillik oq tut daraxti (Morus alba) davlat tabiat yodgorligi sifatida rasman tan olindi.

Shahar va tuman Kengashlari deputatlari, Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o'zgarishi boshqarmasi hamda Yakkasaroy tumani hokimligi vakillari daraxtning holatini o'rganish uchun joyiga chiqishdi. Mutaxassislar ishtirokida tabiat yodgorligini saqlash va unga zarar yetkazmasdan kerakli parvarishlash masalalari muhokama qilindi.

Xususan, tabiat yodgorligi maqomini olgan daraxt atrofiga to'siq o'rnatish, yon atrofni obodonlashtirish, daraxtni tashqi ta'sirlardan himoya qilish uchun zarur sharoitlar yaratish hamda u alohida muhofaza etiladigan tabiiy obyekt ekanini ko'rsatuvchi maxsus axborot taxtalarini o'rnatish qaror qilindi.

Bundan tashqari, hududning tarixiy va ekologik ahamiyatini hisobga olib, daraxt atrofidagi hududni tartibga keltirish, mavjud yashil zonani saqlash va aholida tabiat yodgorligiga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish zarurligi ta'kidlandi.

Belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi deputatlik va jamoatchilik nazoratida bo'lishi belgilandi.

Source: uznews.uz