Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuvda “Odil sudlov — 2030” strategiyasini taqdim etdi. Uchrashuvda davlat rahbari sud tizimida hal qilinishi lozim bo‘lgan ko‘plab masalalar saqlanib qolayotganini ta’kidlab, faoliyatning asosiy mezoni fuqarolarning ishonchi bo‘lishi kerakligini qayd etdi.

“Sud tizimidagi islohotlar birinchi darajada turadi. Albatta, ko‘p narsalar qildik va qilyapmiz ham. Lekin odamlar sudlardan rozimi, degan savol ko‘ndalang turibdi. Bu adolatli savolga javobni birgalikda izlashimiz kerak”, — dedi prezident “O‘zbekiston 24” telekanali reportajida.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, sudga murojaat qilgan inson mamlakatda yuz bergan o‘zgarishlarni his qilishi kerak. “Sud ostonasidan kirgan odam yangi O‘zbekiston shabbodasini sezib chiqishi nuqtai nazaridan harakat qilishimiz kerak. Sud — davlat hokimiyatining uchta ustunidan biri. Konstitutsiyaviy sud adolatli hakam sifatida o‘z bahosini berishi kerak”, — dedi u.

Prezident so‘nggi yillarda sud tizimida islohotlar amalga oshirilganini, biroq oldinda turgan ishlar hajmi hali ham salmoqli ekanini ta’kidladi. “So‘nggi o‘n yilda nimaga erishdik va bundan buyon nimaga erishishimiz kerak? Biz yangi rahbar tayinladik. Biz odamlar manfaati, ularning roziligi va qadr-qimmatini oshirish nuqtai nazaridan harakat qilmoqdamiz. Lekin oldimizda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar qilinganidan ko‘proq desak — bu haqiqat bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar sudlarga to‘liq ishonadigan sharoitlarni yaratish zarur. “Sudlarga boruvchilarning 100 foiz ishonchini qozonish uchun sharoit yaratishimiz kerak. 2030-yilga borib bizda zamonaviy sud bo‘lishi lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova prezidentga taqdim etilgan “Odil sudlov — 2030” strategiyasida 57 ta vazifa, 160 ta chora-tadbir va 33 ta maqsad nazarda tutilganini ma’lum qildi. “Sud tizimini isloh qilishda har bir amaliy chora „Inson qadri uchun“ g‘oyasini aks ettirishi kerak”, — dedi u.

Yo‘nalishlardan biri fuqarolik sudlarini aholiga yaqinlashtirish bo‘ladi. Xususan, mamlakatning barcha 208 ta tuman va shahrida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. “Natijada har bir inson — Orolbo‘yidan tortib Surxondaryoning eng olis qishloqlarigacha — o‘z muammosini ortiqcha ovoragarchiliksiz, joyida hal etish imkoniga ega bo‘ladi”, — dedi Oliy sud rahbari.

Barcha sud binolarida xizmat ko‘rsatish ofislarini ochish ham rejalashtirilgan bo‘lib, ularda fuqarolar bir joyning o‘zida axborot, maslahat va zarur yordam olishlari mumkin bo‘ladi. Ular “yagona darcha” tamoyili asosida ishlaydi.

Yana bir yirik o‘zgarish sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tartibining isloh qilinishi bo‘ladi. “Shikoyatlarni reviziya tartibida ko‘rib chiqish uchun beshta hududlararo sud tashkil etiladi. Ya’ni shikoyatni mutlaqo boshqa sud ko‘rib chiqadi. Oliy sud esa eng murakkab va tizimli masalalarga e’tibor qaratadi”, — dedi Robaxon Mahmudova.

Oliy sud raisi, shuningdek, prima facie (“asosli gumon”) tamoyili asosida tergov sudyalarining vakolatlarini kengaytirish rejalashtirilganini ma’lum qildi. “Ularga shaxsni qamoqqa olish to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini qo‘shimcha hujjatlarni talab qilib olish imkoniyati bilan atroflicha tekshirish mexanizmi beriladi”, — dedi u.

Robaxon Mahmudovaning so‘zlariga ko‘ra, yana bir yangilik Oliy sud prezidiumining uzil-kesil huquqiy pozitsiyalari e’lon qilinadigan ochiq pretsedentlar reyestrining tashkil etilishi bo‘ladi. “Har bir shaxs Oliy sudning muayyan ish bo‘yicha shakllantirilgan huquqiy pozitsiyasiga tayangan holda o‘z ishining natijasini oldindan prognoz qilishi mumkin bo‘ladi”, — dedi u.

Prezident tasdiqlagan “Odil sudlov — 2030” strategiyasiga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etish, fuqarolik sudlarini qariyb barcha tuman va shaharlarda bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish hamda sudlarni raqamlashtirishni kengaytirish belgilangan.

Source: www.gazeta.uz