Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Nihoyat, jazirama issiqliklardan so‘ng O‘zbekistonning katta qismida hafta biroz bo‘lsa-da qulayroq yoz havosi bilan boshlanadi. Mintaqaga shimoli-g‘arbiy yo‘nalishdan salqinroq havo oqimlarining kirib kelishi va ularning ta’sirida antitsiklonal jarayonning kuchayishi haroratning, ayniqsa, tungi soatlarda sezilarli pasayishiga olib keladi.

Shu bois ko‘plab hududlarda tunda +17…+20 daraja salqinlik seziladi. Kunduzlari esa issiqlik hali chekinmaydi: respublikaning katta qismida +35…+38 daraja atrofida harorat saqlansa, janubda ish kunlari +40 daraja va undan yuqori ko‘rsatkichlar kuzatilishi mumkin.

Faqat dam olish kunlariga borib, salqin havo ta’siri janubga ham yetib kelib, u yerda harorat biroz pasayadi. Eng muhimi, kunduzgi issiqlik saqlanib turgan bir paytda tungi salqinlikning qaytishi organizmga yengillik berib, uyqu va tungi dam olish uchun ancha qulay sharoit yaratadi.

Xorijiy ob-havo byurosi ma’lumotlarida ham haftaning ish kunlarida O‘zbekistonning katta qismida havo harorati iqlimiy me’yordan 1−3 daraja yuqori bo‘lishi ehtimoli ko‘rsatilgan.

O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognozlariga ko‘ra, dushanba kuni Qoraqalpog‘istonning katta qismida qisqa muddatli jala kuzatilishi, kechga tomon Xorazmning ayrim tumanlarida ham beqaror ob-havo bo‘lishi, seshanba kuni faqat Qoraqalpog‘istonda qisqa muddatli jala yog‘ishi mumkin. Haftaning ish kunlari respublikada yog‘ingarchilik bo‘lmasligi taxmin qilingan.

Dam olish kunlariga kelib, respublika bo‘ylab hududlarda havo haroratining pasayishi va osmonga bulut oralab, Farg‘ona vodiysi viloyatlari, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari ayrim hududlari hamda tog‘larda yog‘ingarchilik bo‘lishi oydinlashmoqda.

Haftalik harorat respublika bo‘ylab turlicha taqsimotga ega. Shimoliy hududlarda hafta boshlarida haroratning sezilarli pasayishi his qilinsa, boshqa hududlarda yozgi salqinlik hafta o‘rtalaridan kuzatila boshlaydi. Dam olish kunlari esa respublikaning juda katta qismida kunduzlari harorat +31…+36 daraja atrofida bo‘ladi.

Hafta boshlari shimolda +36 daraja, boshqa hududlarda +38 daraja, janubda +41 daraja, tog‘larda +32 darajagacha ko‘tariladi. Joriy hafta tungi va tongi harorat qiymatlari o‘tgan haftaga nisbatan sezilarli pasayadi. Shimolda yashovchilar hafta boshlaridayoq tunda +17 darajani his qila boshlaydi. Bu salqinlik hafta o‘rtalaridan respublikaning boshqa viloyatlariga tarqaladi. Tog‘larda esa hafta davomida tunda +13 darajagacha past harorat kuzatiladi.

Hafta boshlarida shimol, cho‘l va janubiy viloyatlarda kuchli shamollar, chang-to‘zonlar ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda.

O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, ushbu hafta respublikaning katta qismida o‘rtacha havo harorati me’yor atrofida va ayrim hududlarda me’yordan 1−3 daraja yuqori bo‘lishi, yog‘ingarchilik miqdori esa vodiy va shimol tomonlarda me’yordan ko‘proq ekani oydinlashgan.

Shunday qilib, haftaning ish kunlari respublika bo‘ylab biroz issiq, dam olish kunlariga borib esa sezilarli salqin ob-havo bo‘lishi oydinlashmoqda. Bu o‘tgan haftaga nisbatan yengillik, ammo hali haqiqiy salqinlik emasligini anglatadi.

Joriy hafta davomida o‘zbekistonliklar kunduzgi ayrim muddatlarda +38…+40 darajaga yaqin issiqlik to‘lqinidan ta’sirlanadi. Ammo bu muhit o‘tgan haftadagi kabi kishilarni bezovta qiluvchi, uyqu rejimini o‘zgartiruvchi juda yuqori issiqlik stresslarini taqdim etadigan issiqlik to‘lqini emas. O‘tgan haftadagi issiqlikning organizmga ta’siri faqat meteorologik ko‘rsatkichlardagina emas, aholining subyektiv hissiyotlarida ham namoyon bo‘ldi.

Telegram’dagi Uzb_Meteo kanalida o‘tkazilgan, respublikaning turli hududlaridan qariyb 1300 kishi ishtirok etgan so‘rovnomada qatnashchilarning 42 foizi issiqlik tufayli uyqu davomiyligi sezilarli qisqarganini bildirgan.

Bu tibbiy tadqiqot emas, ammo issiqlik stressining kundalik hayotda qanday sezilganini ko‘rsatuvchi muhim jamoatchilik ko‘rsatkichidir. Tungi haroratning pasayishi organizmning kunduzgi issiqlik yuklamasidan keyin tiklanishi uchun qulayroq sharoit yaratadi.

Hafta davomida havo massalarining almashinishi va shamol rejimidagi o‘zgarishlar atmosfera bosimining ham o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Bu ayrim meteosezuvchan kishilarda bosh og‘rig‘i, holsizlik yoki umumiy noqulaylik hissini kuchaytirishi ehtimoldan xoli emas.

Bioiqlimiy sharoitlar. Joriy hafta respublikaning katta qismida o‘tgan haftadagi issiqlik hissiyotlaridan boshqacharoq vaziyat kuzatilishi oydinlashmoqda. Ayniqsa, respublikaning katta qismida tungi, tonggi muddatlarda ko‘proq qulay bioiqlimiy sharoit kuzatilishi aniq bo‘lmoqda. Hatto baland tog‘larda sutkaning katta muddatlarida yengil kiyingan kishilar sovuqni sezishi mumkin.

Iqlim o‘zgarishi sharoitida yuqori haroratlar tobora ko‘proq namlik bilan birga kuzatilishi issiqlikni organizmga og‘irroq his qildirishi mumkin. O‘tgan haftada ham +38…+40 darajali issiqlik ayrim hududlarda nisbatan yuqori namlik fonida kechdi. Bu esa havo haroratining raqamdagi qiymatidan ko‘ra issiqlik yuklamasining kuchliroq sezilishiga olib keldi.

Kosmik ta’sirlar. Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlarda hafta davomida kuchli geomagnit bo‘ron ehtimoli yuqori baholanmayapti. Biroq bunday prognozlarning ishonchliligi bir necha kundan keyin pasayadi, shuning uchun yaqin muddatli yangilanishlarni kuzatish maqsadga muvofiq.

O‘zgidromet agentligi hafta boshlari va dam olish kunlariga borib Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda kuchli shamollar quruq tuproqdan chang ko‘tarilishini kuchaytirishi, shamol susayib, atmosfera turg‘unlashgan ayrim davrlarda esa mayda dispers zarrachalarning havoda to‘planishi ortishi mumkin.

Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ro‘y berganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.

Shunday qilib, 17−23-avgust kunlari O‘zbekistonda hafta boshida shimolda, dam olish kunlariga borib esa asosan vodiy hududlarida beqaror ob-havo kuzatilishi mumkin. Biroq bu hali haqiqiy salqinlik emas — kunduzlari yozgi issiqlik saqlanib qoladi.

Source: www.gazeta.uz