Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda mehmonxona infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatda yangi mehmonxonalar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va zarur jihozlar xarid qilish uchun 50 million dollar ajratiladi.

Bu chora-tadbirlar turistik oqimning sezilarli o‘sishi bilan bog‘liq. Yil boshidan buyon O‘zbekistonga 8 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, ularning mamlakatda o‘rtacha bo‘lish muddati esa 8 kungacha oshdi. Bu ko‘rsatkichlar mehmonxona bazasini kengaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Mehmonxona qurilishi va modernizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga milliy valyutada 10 yilgacha muddatga yillik 16 foizli kreditlar beriladi. Shuningdek, uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurilishi uchun subsidiyalar yana ikki yilga uzaytiriladi. Endi mehmonxona toifasini tasdiqlash uchun xorijiy kompaniyaning xulosasi talab qilinmaydi.

2030-yilgacha mehmonxonalar uchun yer va mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar uzaytiriladi. Ular ushbu soliqlarni standart stavkadan 10 baravar past stavkada to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. 50 o‘rindan ortiq sig‘imga ega mehmonxonalar uchun banklar o‘z kassalarida naqd xorijiy valyutani qabul qiluvchi bankomatlarni o‘rnatadi.

Tur operatorlarining xorijiy sayyohlarga ko‘rsatgan xizmatlari eksportga tenglashtiriladi va QQSdan ozod qilinadi. Turistik avtobuslar, elektrobuslar va mikroavtobuslarni olib kirishda bojxona imtiyozlari ham yana bir yilga uzaytiriladi, shuningdek, utilizatsiya yig‘imi ham undirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tadbirkorlar auksionda uchastka sotib olgach, darhol qurilishni boshlashlari mumkinligi, buning uchun 6 oydan 12 oygacha ruxsat hujjatlarini yig‘ish shart emasligi xabar qilingan edi. Er uchastkalari tayyor paket – arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i, loyiha va qurilish ruxsati bilan savdoga chiqariladi.

Source: podrobno.uz