O‘zbekistonda 391 ta talabalar yotoqxonasi mavjud bo‘lib, 2026-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sherikchilik asosida yana 14 112 ta yangi o‘rin yaratiladi. Bu haqda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov 18-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Oliy ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodir Qosimovning aytishicha, hozirda mavjud 391 ta talabalar turar joyida 60 mingta o‘rin bor. Talabalarni yotoqxona bilan qamrab olish darajasi 58 foizga yetgan.
“Barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari birinchi kursdan to magistraturagacha Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilangan tartib asosida yotoqxonaga joylashtiriladi. Bugunga qadar 70 mingdan ziyod talaba onlayn ariza topshirdi. Ertadan ularning birinchi qismiga yo‘llanmalar berish boshlanadi”, — dedi u.
Nodir Qosimovning aytishicha, yotoqxonalar bilan to‘liq qamrab olish imkoni bo‘lmagan OTMlar tomonidan qariyb 20 mingta ijara xonadonlari ro‘yxati shakllantirilgan, shundan 10 mingtasi Toshkent shahrida.
“Poytaxtga talabalarning katta kontingenti keladi. Shu sababli bu yerda turar joy masalasi dolzarb. Bugundan barcha OTMlarda yotoqxona va ijara xonadonlariga joylashtirish bo‘yicha markazlar ish boshladi”, — deydi u.
Nodir Qosimov ayrim yotoqxonalarda bir xonaga besh nafardan talaba joylashtirilayotgani va bu sanitariya talablariga mos emasligi haqidagi savolga javob berarkan, yotoqxona qurish, ayniqsa, Toshkent shahrida yer ajratish masalasi qiyin ekanini aytdi.
“Shuning uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qilinmoqda. Xonalarda ikki yarusli karavotlardan foydalanish va ularda talabalarning joylashish imkoniyatlari to‘liq ko‘rib chiqilmoqda”, — deydi u.
Uning aytishicha, yotoqxonalar sonini davlat-xususiy sherikchilik asosida ko‘paytirish ishlari ham davom etmoqda. So‘nggi yillarda Toshkent shahrida shu asosda qariyb 8 mingta talabalar turar joyi qurilgan.
Vazir o‘rinbosari Sardor Rajabovning ma’lum qilishicha, 2026-yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha DXSH asosida 14 112 ta yangi o‘rin yaratilib, foydalanishga topshiriladi.
“Hozirgacha 1850 ta o‘rin yaratilgan. Sentabr oyida yana 8332 ta o‘rinni ishga tushiramiz. Yil yakunigacha yana 4300 ta o‘rin qo‘shiladi”, — dedi u.
Sardor Rajabov talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash ta’lim sifati uchun ham muhimligini ta’kidladi.
“Yotoqxonada yoki kampusda yashaydigan talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi uyida yoki ijara xonadonlarida yashaydigan talabalarga nisbatan yuqoriroq bo‘ladi. Biz ham buni o‘rganib chiqdik. Yotoqxonada yashaydigan talabalarning o‘rtacha GPA ko‘rsatkichi yuqoriroq chiqyapti”, — deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, talabalarning bir muhitda bo‘lishi, fikr almashishi, birga dars qilishi va kitob o‘qishi ularning o‘qishiga ijobiy ta’sir qiladi. Shuningdek, yotoqxonada yashaydigan talabalar orasida jinoyatchilik ham kam bo‘ladi.
“Oliy ta’lim tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan va davlat-xususiy sherikchilik asosida yotoqxonalar qurish ishlari doimiy davom ettirilmoqda. Bu boradagi imtiyozlar muddati ham uzaytirildi. Biz yotoqxonalar sonini ko‘paytirish ishlarini to‘xtatmaymiz”, — deb ta’kidladi vazir o‘rinbosari.
Vazirlik rasmiysi Sardor Rajabov talabalarni yotoqxonalarga joylashtirishda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilayotgani haqidagi tasavvurlar hozirgi tizimga mos emasligini ta’kidladi.
“Yaqinda boshqa tashkilotlarda ishlaydigan xodimlar bilan yotoqxonalar masalasini muhokama qilganimizda, „talabalar turar joyiga tanishlaringizni qo‘yasizlar“, „komendant xohlagan odamni joylashtiradi“ degan bir necha yil oldingi holatlarni aytib o‘tishyapti. Lekin hozir tizim to‘liq raqamlashtirilgan”, — deydi u.
“Hozir tizim ochildi va unda ma’lumotlar avtomatik ravishda shakllantiriladi. Men ham, boshqa odam ham xohlagan talabani istagan joyiga joylashtira olmaydi”, — deya qo‘shimcha qilda vazir o‘rinbosari.
Uning ma’lum qilishicha, vazirlik talabalarni xonalarga joylashtirish jarayonini ham sun’iy intellekt asosida avtomatlashtirish ustida ishlamoqda.
Boshqarma boshlig‘i Nodir Qosimov ijara xonadonlarida yashaydigan talabalarga davlat tomonidan kompensatsiya to‘lab berish tizimi haqida gapirarkan, Toshkent shahrida bitta talabaga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, boshqa hududlarda esa 50 foizi miqdorida ijara to‘lovi berilishini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, ijara uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori har yili talabalarning ehtiyojidan kelib chiqib o‘zgarib boradi.
“Bir o‘quv yili uchun bu maqsadlarga o‘rtacha 150 milliard so‘m ajratiladi. Aniq summa har yili o‘zgarib turadi. Ijarada yashaydigan talabalar bilan shartnoma tuziladi va to‘lov shu asosda amalga oshiriladi”, — dedi u.
Sardor Rajabovga ko‘ra, xususiy OTMlar ham talabalarni turar joy bilan ta’minlash tizimiga qamrab olingan.
“Xususiy universitetlar uchun 80-sonli qaror talablari bor. Unga ko‘ra, ular talabalarni yetarli darajada yotoqxona bilan ta’minlagan bo‘lishi kerak. Litsenziya olish jarayonida ham, monitoring vaqtida ham talabalarning turar joyi bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi. Ayrim universitetlarning o‘z yotoqxonasi bor, ba’zilari esa xonadonlarni ijaraga oladi”, — deydi u.
Uning aytishicha, avval sirtqi ta’limda o‘qiydigan talabalar ko‘pligi sababli turar joy masalasida qiyinchiliklar bo‘lgan, hozir esa sirtqi ta’limga qabul to‘xtatilgani bois xususiy OTMlarda talabalar kontingenti kamayib bormoqda.
Nodir Qosimovning ma’lum qilishicha, xususiy OTM talabalari uchun ham ijara xonadonlari ro‘yxati shakllantirilgan.
“Men aytgan 10 mingta ijara xonadon ro‘yxati ichida xususiy oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ajratilgan xonadonlar ham bor. Biz davlat OTMlariga qanday talab qo‘ygan bo‘lsak, xususiy OTMlar uchun ham shu tartib amal qiladi”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, talabalarni hostel yoki ijara xonadonlariga joylashtirish, xavfsizligini ta’minlash, shartnoma tuzish va yashash sharoitlarini o‘rganish vazirlik nazoratida.
“Talabani hostelga yoki ijara xonadonga joylashtirish, u yerdagi ma’naviy muhitni o‘rganish, talaba kimlar bilan va qanday sharoitda yashayotganini tekshirish — barchasi ro‘yxatga olingan va nazoratimizda. Biz bu masalada talabani davlat yoki xususiy OTMda o‘qishiga qarab ajratmaymiz. Agar talablarga javob bermaydigan holat aniqlansa, talabalarni u yerdan evakuatsiya qilib, boshqa joyga ko‘chiramiz. Yaqinda Chilonzor tumanida shunday holat bo‘ldi. Xususiy OTMlardan biri talabalarni bir joyga joylashtirgan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan birgalikda o‘rganganimizda, u yerda nafaqat talaba, umuman odam yashashi uchun sharoit yo‘qligi aniqlandi. Talabalarni darhol evakuatsiya qilib, xavfsiz joyga ko‘chirdik”, — deydi Nodir Qosimov.
Vazir o‘rinbosari Sardor Rajabov ijtimoiy tarmoqlarda ayrim universitetlarning talabalar yotoqxonalari sotilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga izoh berdi.
“Biz rasmiy ma’lumot ham bergandik. U yerda yotoqxonalarni sotish haqida gap yo‘q edi. Yotoqxonalardagi bo‘sh, ya’ni talabalar yashamaydigan oshxona yoki podval kabi joylarni tadbirkorlarga ijaraga berish nazarda tutilgan. Ular bu joylarda talabalar uchun turli xizmatlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Buning uchun belgilangan tartibda Davlat aktivlari agentligi orqali e’lon beriladi, narx qo‘yiladi va eng maqbul taklif bergan tadbirkor bilan uch tomonlama shartnoma tuziladi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu noto‘g‘ri talqin qilingani sababli ko‘pchilik yotoqxonalar sotilyapti deb o‘yladi. Bizda yotoqxonalar sotilishi holatlari umuman yo‘q”, — deydi u.
Rajabovning aytishicha, ayrim oliy ta’lim muassasalarining eski binolarini sotish rejalashtirilgan, ammo bu ular yangi kampuslarga ko‘chib o‘tganidan keyin amalga oshiriladi. Jumladan, Buxoro davlat universiteti, Navoiy davlat universiteti va Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universiteti uchun yangi zamonaviy kampuslar qurilmoqda.
“Buxoro davlat universitetining yangi kampusi qurilyapti. Universitet shu yerga ko‘chadi va mavjud binolari sotiladi. Ammo sotish shartlarida yangi bino bitkazilib, universitet u yerga ko‘chirilgandan keyin topshirilishi belgilangan. Navoiy davlat universiteti va Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universitetida ham xuddi shunday. Bu haqda Telegram kanalimiz va saytimizda e’lon qilganmiz”, — deydi vazir o‘rinbosari.
U talabalar yashab turgan paytda yotoqxonalarni sotish mumkin emasligini alohida ta’kidladi.
“Talabalar turar joyi hozir qandaydir darajada yetishmayotgan bir paytda, talabalar yashab turgan yotoqxonani sotish — aqlga sig‘maydigan narsa. Bunday ish qilinmaydi, bu aniq”, — deydi Sardor Rajabov.
Source: www.gazeta.uz