Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qonunchilik palatasi deputatlari Guliston va Shirin shaharlari hamda Sirdaryo viloyatining bir qator tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror loyihasini ma’qulladi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Guliston tumanidan 527,23 gektar va Boyovut tumanidan 582 gektar yer maydoni Guliston shahri tarkibiga, shuningdek, Boyovut tumanidan 638,77 gektar yer Shirin shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda. Jami 1748 gektar yer shahar hududlariga qo‘shiladi.

Qayd etilishicha, Guliston va Shirin shaharlari viloyatdagi aholi eng zich joylashgan hududlar hisoblanadi. Chegaralarning kengayishi shaharda aholi zichligini kamaytirishga, transport qatnovini yaxshilashga, yirik loyihalar uchun zamin yaratib, xorijiy va mahalliy investitsiyalar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, hududda yangi sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etish, qurilish, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalarida o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash uchun sharoit yaratiladi.

Majlisda chegaralarga o‘zgartirish kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari hamda viloyat kengashida muhokama qilingani, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani ta’kidlandi.

Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Faxriddin Kushakov Boyovut tumanining “Qarapchi” va “Yangi avlod” mahallalari, Guliston tumanining “Mevazor” va “Ishonch” mahallalari hududlarini Guliston tarkibiga, Boyovut tumanidagi “Shirin” mahallasini esa Shirin shahri tarkibiga kiritish taklif etilayotganini ma’lum qildi.

“Boyovut tumanidagi „Yangi avlod“ va „Qarapchi“ mahallalari Guliston shahriga tutash hududlar, Boyovut tumani markazidan qariyb 50 kilometr uzoqlikda joylashgan. Guliston tumanidagi „Ishonch“ hamda „Mevazor“ mahallalari ham xuddi shunday Guliston shahri bilan tutash, tuman markazidan 30 kilometrdan olisroqda. Boyovut tumanidagi „Shirin“ mahallasi esa Shirin shahri bilan tutash bo‘lib, asosiy maqsad aholiga qulayliklar yaratish”, — dedi Kushakov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Guliston va Shirin shaharlarida aholi zichligi yuqoriligini hisobga olgan holda, hududlarni kengaytirish yangi turar joy massivlari, ijtimoiy obyektlar va infratuzilmani rejali joylashtirish imkonini beradi. Shaharlarning kengayishi natijasida sanoat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, transport va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash imkoniyatlari ortadi.

“Yerlardan foydalanishda ularning belgilangan maqsadi, qonunchilik talablariga rioya qilinadi. Yangi o‘tkaziladigan 1748 gektar yer maydonlaridan hech qaysi birining toifasi o‘zgarmaydi. Qishloq xo‘jaligi yerlarini asrash, ekologik muvozanatni saqlash masalasi asosiy e’tiborga olingan”, — dedi Kushakov.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Samarqand shahriga qo‘shni tumanlardan 17,2 ming gektar hudud qo‘shib berilishi, shundan so‘ng shahar aholisi 880 ming kishiga yaqinlashishi haqida xabar berilgandi. Samarqand tumani tugatilib, uning qolgan hududining katta qismi Toyloq tumaniga o‘tkaziladi.

Source: www.gazeta.uz