Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent hayvonot bog‘ida sher va jayralarga tosh otgan tashrif buyuruvchi aniqlanib, ma’muriy javobgarlikka tortildi. Hayvonot bog‘i matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, erkakka O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi 1-qismi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan 2,8 million so‘m miqdorida jarima solingan.

Ushbu qoidabuzarlik bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 7 baravaridan 10 baravarigacha jarima solishni nazarda tutadi. Holat 13-avgust kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda tashrif buyuruvchilardan biri Aleks laqabli sherga va jayralarga tosh otishni boshlagan.

Jayralarning voleri ochiq bo‘lgani sababli toshlar jonivorlarga bevosita yetib borgan. Erkakning bu xatti-harakatini uning farzandi ham takrorlagan. Toshlar mo‘ljalga tekkanidan so‘ng tashrif buyuruvchi o‘z harakatlari uchun qarsak chalgan, bu esa boshqa tashrif buyuruvchilarning e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Hayvonot bog‘i ma’muriyati hayvonlar qonun himoyasida ekanini eslatib, fuqarolarni hayvonlarga nisbatan shafqatsiz yoki noo‘rin munosabat guvohi bo‘lganlarida bu haqda darhol +998 71 289 16 01 telefon raqami orqali xabar berishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida ham Toshkent hayvonot bog‘ida bir erkak va qizaloq Jonni va Naomi laqabli oq sherlar juftligiga og‘zidan suv purkagandi. Yo‘lovchining tanbehiga erkak keskin munosabat bildirgan, biroq keyinroq uzr so‘ragan. Hayvonot bog‘i ma’muriyati kattalarni bolalarga to‘g‘ri namuna ko‘rsatishga chaqirgan.

Source: www.gazeta.uz