O‘zbekistondagi NeMolchi.uz (“Sukut saqlama”) loyihasi xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashga bag‘ishlangan #NeUyat26 ko‘rgazmasi uchun arizalar qabulini boshladi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, ko‘rgazma nomi zo‘ravonlikni boshdan kechirgan har bir ayol va qizga qaratilgan asosiy murojaat bo‘lib, ularga “Bu uyat emas!” degan fikrni yetkazishni maqsad qilgan.
“Biz zo‘ravonlikni yengib o‘tish, uyat va og‘riq bilan ishlash, ichki erkinlikka erishish hamda tiklanish mavzularini yoritib beradigan ishlarni qidirmoqdamiz. Ayol rassomlar, illyustratorlar, fotograflar, installyatsiya mualliflari va zamonaviy san’at amaliyotlari tadqiqotchilarini taklif etamiz. Agar siz uchun san’at orqali shaxsiy, ijtimoiy va taqiqlangan mavzular haqida gapirish muhim bo‘lsa — bu makon siz uchun”, — deyiladi ariza e’lonida.
Qayd etilishicha, NeUyat — xavfsiz muloqot, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va uzoq vaqt davomida ko‘rinmas bo‘lib kelgan tajribani qayta anglash makoni.
“Bu yil ko‘rgazma katta harakatning bir qismiga aylanadi. Loyiha O‘zbekistonning beshta viloyati bo‘ylab sayohatga chiqadi: Nukusdan boshlanib butun mamlakat bo‘ylab Farg‘ona vodiysigacha”, — deydi tashkilotchilar.
Ko‘rgazmada ishtirok etish uchun O‘zbekistonda ijod qilayotgan 18 yoshdan oshgan (yosh bo‘yicha yuqori chegara yo‘q) ayol rassomlar, illyustratorlar, fotograflar, installyatsiya mualliflari va zamonaviy san’at amaliyotlari tadqiqotchilari taklif etilmoqda.
Ishtirok etish istagida bo‘lganlar 30-avgustga qadar elektron shaklda ariza topshirishlari mumkin (havola).
Saralash natijalari 2-sentabr kuni e’lon qilinadi, tayyor ishlarni topshirishning so‘nggi muddati esa 1-oktabr etib belgilangan.
Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirilayotgan mazkur ko‘rgazmaning o‘zi 2026-yil 4-oktabrdan 27-dekabrgacha davom etadi.
Oldingi yillarda NeUyat ko‘rgazmalari qanday tashkil etilgani bilan o‘xshash xabarlarda tanishish mumkin.
Source: www.gazeta.uz