O‘zbekistonda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari (GES) qurish uchun 3000 ga yaqin salohiyatli nuqta aniqlandi. Ularning 2500 dan ortig‘i allaqachon auksionga chiqarilgan. Bu haqda energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni kichik gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazib, kichik va mikro GESlar salohiyati hisobidan elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq bergan. Vazir birinchi o‘rinbosari har bir loyiha texnik va iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan qo‘shimcha o‘rganib chiqilishini ta’kidladi.
“Ushbu loyihalar tezroq ishga tushishi uchun har bir loyihani batafsil o‘rganamiz — uning samaradorligi, ishga yaroqliligi, suv oqimi mavjudligi va yillik ishlab chiqarishni kamida 40−50% darajasida ta’minlay olishi ko‘rib chiqiladi. Bu Gidroinstitutimiz bilan birgalikda ilmiy asosda ishlab chiqiladi”, — dedi u.
Umid Mamadaminovning so‘zlariga ko‘ra, zarur suv bosimi mavjud bo‘lgan loyihalarni zudlik bilan amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ikkinchi guruhga amaldagi kanallarda joylashgan, suv bosimini oshirish uchun gidrotexnika inshootlarini o‘zgartirish talab etiladigan obyektlar kiradi. Bundan tashqari, gidroinshootlarni o‘zgartirish va suv oqimini tartibga solish hisobiga qo‘shimcha salohiyatga erishish mumkin bo‘lgan loyihalar alohida ko‘rib chiqiladi.
“Biz hammasini ana shu uchta kategoriyaga bo‘lib, loyihalarning jozibadorligini qaytadan ko‘rib chiqamiz. Bu ularni moliyalashtirish uchun imkoniyat yaratadi, tadbirkorlar uchun jozibadorligini oshiradi va raqobatni yuzaga keltiradi”, — dedi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari.
Energetika vazirligi ayrim loyihalarni auksionga chiqarish yondashuvini ham o‘zgartirmoqchi. Hozirda, hatto, bir nechta obyekt bir suv oqimida joylashgan bo‘lsa ham, odatda har bir kichik GES alohida taklif etilmoqda. “Ayrim kanallarda bir tadbirkor kelib, besh-oltita GES qurmoqchi bo‘ladi. Bizda har bir GES alohida chiqarilgani sababli ularda turli tadbirkorlar ishtirok etadi. Hozir buni yangi loyihaga kiritmoqchimiz: ularni bittadan chiqarmasdan, bir oqimda joylashgan to‘rt-beshta GESni bitta portfelga birlashtirish ko‘zda tutilmoqda”, — dedi Mamadaminov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta stansiyani bitta portfelga birlashtirish loyihalash xarajatlarini kamaytirish va moliyalashtirishni jalb qilishni yengillashtirish imkonini beradi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari auksionlarda obyektlar deyarli nol qiymatda sotib olingan holatlarga ham e’tibor qaratdi. “Bu asosiy maqsad GESda elektr energiyasi ishlab chiqarish emas, balki yerni qo‘lga kiritish bo‘lganini anglatadi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun eng kam miqdorni belgiladik. Shuningdek, loyihani olgan shaxs undan aynan o‘z maqsadida — GES qurish va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun foydalanishi shartligi bo‘yicha qarorga o‘zgartirishlar kiritiladi”, — dedi Umid Mamadaminov.
Kichik GESlar uchun uskunalar mamlakat ichida ishlab chiqariladi. Birinchi o‘rinbosarning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo”ning quvvati 40 MVt gacha bo‘lgan kichik va mikro GESlar uchun uskunalar chiqaradigan zavodi hozirda to‘liq quvvat bilan ishlamoqda.
Prezident, shuningdek, yangi kichik gidroelektr stansiyalarini qurishda mahalliy kadrlarni tayyorlash va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan uskunalardan kengroq foydalanish bo‘yicha topshiriq berdi. “Bugungi kunda O‘zbekistonda shunday imkoniyat yaratildiki, mikro GESlar bo‘yicha amalda alohida industriya shakllandi. Endi bu tajribani mintaqaga yoyish bo‘yicha alohida takliflar kiritamiz”, — dedi Umid Mamadaminov.
Source: www.gazeta.uz