Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

1-sentabrdan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi. Bu haqda Gazeta, Adliya vazirligi va Lex.uz saytlari materiallari asosida tayyorlangan sharhda ma’lum qilindi.

Avvalo, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 360 000 so‘mni, bazaviy hisoblash miqdori (BHM) esa 440 000 so‘mni tashkil etadi. Eslatib o‘tamiz, 1-iyuldan pensiyalar va nafaqalar ham 7 foizga oshirilgan edi.

Transport sohasida ham o‘zgarishlar bor. Endi validator bilan jihozlangan avtobuslarda yo‘lovchi avtobusga chiqish vaqtida yo‘l haqini to‘lashi yoki imtiyozli/bepul yurish huquqini tasdiqlashi shart. Aks holda, chiptasiz yurgan deb hisoblanib, BHMning 1/10 qismi (44 ming so‘m) miqdorida jarima solinadi. Avvalroq jarimalarni 10 baravargacha oshirish taklif qilingan edi.

Ta’lim sohasida ham yangiliklar kutilmoqda. Talabalar yotoqxonasiga joylashish bo‘yicha shartnoma tuzish bilan bir vaqtda turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi. Shuningdek, alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha “oilabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ijtimoiy himoya sohasida ham muhim o‘zgarishlar bor. Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar endi Ijtimoiy markazlarga faqat o‘z roziligi bilan joylashtiriladi, majburiy joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Odam savdosidan jabrlanganlarni aniqlash va ularga yordam ko‘rsatishning yangi tartibi ham joriy etiladi.

Soliq sohasida esa madaniyat va san’at tashkilotlari uchun imtiyozlar beriladi. 2026-yil 1-sentabrdan 2036-yil 1-yanvargacha konsert tashkil etish, kinematografiya, nodavlat teatrlar va boshqa madaniy tashkilotlar qator soliqlardan ozod qilinadi. Shuningdek, nodavlat teatrlarni qo‘llab-quvvatlash uchun har yili 10 mlrd so‘m ajratiladi.

Ilm-fan sohasida doktorantura qabul kvotasining kamida 60 foizi ustuvor ilmiy ixtisosliklarga ajratiladi. Bular qatoriga raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, atom energetikasi, tibbiyot va boshqalar kiradi. Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy sayyohlarni jalb qilish xarajatlari qoplanadi.

Qurilish sohasida ham o‘zgarishlar bor: bino-inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish bo‘yicha davlat xizmatlari birlashtiriladi, ba’zi obyektlarda videokuzatuv kameralarini o‘rnatish majburiy bo‘ladi. Chorvachilikda esa naslchilik xo‘jaliklariga subsidiya berish va xorijdan chorva mollarini olib kelish bo‘yicha servis kompaniyasi tashkil etiladi.

Yana bir yangilik: YAIDXPda virtual to‘lov kartalarini joriy etish rejalashtirilgan. Foydalanuvchilar virtual kartaga o‘z bank kartasini biriktirib, davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Komissiya undirilmaydi, ortiqcha to‘langan mablag‘lar avtomatik qaytariladi.

Source: www.gazeta.uz