Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida uch yoshli bola enaga qaramog‘ida bo‘lgan vaqtida zo‘ravonlikka uchragani aytilmoqda. Hozir bola og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda, deb yozdi Kun.uz.
Qayd etilishicha, bolaning onasi taxminan ikki oy davomida farzandini enaga qaramog‘iga qoldirib, o‘zi ishlagan. Oila asli Narpay tumanidan. Bolaning otasi xorijda mehnat qiladi, onasi esa oilaviy kelishmovchiliklar sabab Narpaydagi uyidan ketib, farzandini Kattaqo‘rg‘onda enagaga qoldirgan holda kafeda idish yuvuvchi bo‘lib ishlagan.
Nashrga taqdim etilgan videolarda bolaning tanasida kuyishga o‘xshash og‘ir jarohatlar va ko‘karishlar aks etgan. Shuningdek, bolaga nisbatan shafqatsiz munosabat qilingani ko‘rinadi. Voqeadan xabar topgan qo‘shnilar ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Shundan so‘ng bola shifoxonaga olib borilgan.
Bolaning yaqinlaridan birining aytishicha, voqeadan keyin huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bir necha bor murojaat qilingan. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, holat bo‘yicha tibbiy ekspertiza ham tayinlanmagan.
“3 yashar bolaning badanida sog‘ joyi yo‘q. Qo‘llarini sim bilan bog‘lab qo‘ygan, sim izlaridan qolgan jarohatlar yiringlab ketgan hattoki. Qizib turgan elektr plita ustiga bolani o‘tqazgan, orqasi juda chuqur, qattiq kuygan. Odam bolasi shunday qiladimi…”, — dedi u.
Bolalar omubdsmani matbuot xizmati Gazeta so‘roviga javoban holatni o‘z nazoratiga olganini va hozirda Samarqand viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili vaziyatni o‘rganayotganini ma’lum qildi.
Mazkur voqea yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 43 yoshli O.Yo. (ayol) gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani jinoyat ishi yurituvida jabrlanuvchi-bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettirishini bildirdi.
Source: www.gazeta.uz