28 avgust kuni «Shahidlar xotirasi» xiyobonida qatag‘on qurbonlarini xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, keksa avlod, diniy ulamolar va ziyolilar ishtirok etdi.
Marosimda Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi va xotira oshi berildi. Davlat rahbari diniy ulamolar va ziyolilar bilan suhbatda tarixiy xotirani saqlash, qatag‘on qurbonlarining nomlarini tiklash va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalarini muhokama qildi.
Prezident ta’kidladi: «Shu kunlarda butun mamlakat bo‘lib milliy mustaqilligimizning 35 yilligini katta quvonch bilan nishonlamoqdamiz. O‘ttiz besh yildan beri hech kimga qaram emasmiz, tinch va osoyishta osmon ostida erkin va farovon hayot kechirmoqdamiz. Bu buyuk baxt, bebaho boylik. Bunday ajoyib kunlarda mustaqillik va ozodlik yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimizni yod etish, ularning yorug‘ xotirasini hurmat qilish bizning muqaddas burchimizdir».
Shavkat Mirziyoyev fidoyi ajdodlarimizning jasorati hech qachon unutilmasligini, ularning qahramonligi xalqimiz uchun ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.
«Barcha islohotlarimiz zamirida turgan “Inson qadri va sha’ni uchun” degan ezgu g‘oya jasur ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish va ularning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Aziz insonlarimiz xotirasini qanchalik hurmat qilsak, bugungi tinch hayot va milliy mustaqilligimizni shunchalik qadrlaymiz», – dedi Prezident.
Qayd etilishicha, 2021-2025 yillarda Oliy sud tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1,2 mingdan ortiq vatandoshimiz oqlangan. Joriy yilda yana 161 nafar nohaq ayblanib, sobiq totalitar tuzum davrida turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan yoki o‘lim jazosiga hukm qilingan vatandoshimiz reabilitatsiya qilindi.
Davlat rahbari bugungi kunda dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, yaqin hududlarga tarqalayotgani xavotir uyg‘otayotganini ta’kidladi. Bu bizdan mamlakatimizda tinchlikni qadrlashni, yanada jipslashishni va birlikda yashashni talab qiladi.
«Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘lidir. O‘zbekiston bu yo‘ldan hech qachon qaytmaydi», – dedi Prezident.
Bugun vatandoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga erkin sayohat qilishi, O‘zbekistonning barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilishi mamlakat mustamlakachilik va “paxta qulligi” zanjirlaridan to‘liq xalos bo‘lganining amaliy ifodasi ekani ta’kidlandi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti bilim va ma’rifat asosida hayot va kelajak qurish, shuningdek, yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish ekani qayd etildi. Buyuk jadidlar millatni uyg‘onishga, bilim va ma’rifatga chaqirgani bejiz emas. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham o‘ta muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi o‘n yilda oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 205 taga oshdi, qabul kvotalari muntazam kengaytirildi. 3,5 mingdan ortiq yigit-qizlar dunyoning eng yaxshi 100 ta universiteti ro‘yxatiga kirgan oliygohlarda tahsil olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.
«Biz yoshlarimizni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratishimiz kerak. Milliy g‘urur – inson qalbini va ruhini energiya va motivatsiya bilan to‘ldiradigan kuchli kuchdir. Milliy g‘ururga ega insonni yengib bo‘lmaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
So‘nggi o‘n yilda 100 mingdan ortiq vatandoshimiz haj ziyoratini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Davlat rahbari diniy jamoat vakillari jamiyatda o‘zaro hurmat va ezgulik muhitini mustahkamlash hamda yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalashda faol ishtirok etishda davom etishiga ishonch bildirdi.
«Bugun shu muqaddas maskanda turib, tinch va osoyishta hayotimiz, erishgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga cheksiz shukrona aytamiz. Bunday erkin va farovon kunlarni orzu qilgan jasur ajdodlarimiz – ota-bobolarimiz, mard onalarimiz ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik makoni bo‘lib yanada gullab-yashnasin! Yaratgan Vatanimizni doimo asrasin!» – dedi Prezident.
Tadbir yakunida qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz uchun duo o‘qilib, mamlakatimizga tinchlik, osoyishtalik va farovonlik tilandi.
Source: uznews.uz