O‘zbekistonda bayram kunlari aholiga qulaylik yaratish va ichki turizmni rivojlantirish maqsadida temir yo‘l, avtomobil va havo transportida qo‘shimcha qatnovlar tashkil etilmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Temir yo‘l transportida Toshkentdan Xiva, Qo‘ng‘irot, Shovot, Termiz va Sariosiyo yo‘nalishlarida poyezdlarga to‘rt vagongacha qo‘shimcha vagonlar ulanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, poytaxtdan Samarqand, Buxoro va Urganchga yuqori tezlikdagi poyezdlar qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Ular bayramdan ikki kun oldin harakatlana boshlaydi va bayramdan keyin yana ikki kun davomida qatnaydi.
Shaharlararo avtobuslar uchun barcha yo‘nalishlarda qo‘shimcha reyslar rejalashtirilgan. Toshkent janubiy vokzali yonida zaxira maydoncha ajratiladi. Bayramdan uch kun oldin u yerga Toshkent — Samarqand — Buxoro — Urganch — Nukus yo‘nalishidagi avtobuslar joylashtiriladi.
Havo transportida ham bayramdan ikki kun oldin Toshkent — Urganch, Toshkent — Nukus, Toshkent — Buxoro va Toshkent — Termiz yo‘nalishlarida qo‘shimcha reyslar amalga oshiriladi. Ushbu chora-tadbirlar bayram kunlari mamlakat bo‘ylab sayohatlar sonini oshirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dam olish va bayram kunlari poytaxtning Bo‘stonliq tumaniga qo‘shimcha qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.
Source: podrobno.uz