O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, yozning so‘nggi kunlarida O‘zbekistonning katta qismida issiq ob-havo saqlanib turadi. Kunduzgi harorat asosan +33…+38 daraja atrofida bo‘lib, janubiy hududlarda ba’zi joylarda +39…+40 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Biroq, mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududlariga avgust oyining oxirgi kunlarida salqin havo massalari kirib kela boshlaydi. 31-avgustga borib kunduzgi harorat +25…+30 darajagacha pasayadi. 1-sentabrda esa nisbatan salqin havo butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqaladi va harorat yana 3−5 darajaga tushadi.
Ushbu davrda asosan quruq ob-havo kutilmoqda. Faqat Qoraqalpoqiston Respublikasining shimoliy qismida juma va shanba kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Shamol haqida gapirganda, respublika bo‘ylab ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha, ayrim hududlarda esa 20−22 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kechishi mumkin.
Toshkent shahrida havo asosan kam bulutli bo‘lib, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi harorat 28−30-avgustda +35…+38 daraja, 31-avgustda +34…+36 daraja, 1-sentabrda esa +30…+32 daraja atrofida bo‘ladi. Kechalari harorat +20…+22 daraja, 1-sentabrga kelib esa +16…+18 darajagacha pasayadi.
Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, shimoli-g‘arbdan 3−8 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10−12 m/s gacha kuchayishi, shaharning ayrim joylarida chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz