O‘zbekistonda 29 avgustdan 1 sentabrgacha barcha tibbiyot muassasalari dam olishsiz ishlaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bayram va dam olish kunlarida ishni muvofiqlashtirish uchun maxsus shtab tuzdi.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, barcha tuman, shahar, viloyat va respublika shifoxonalari, ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari navbatchilik rejimida ishlaydi. 39 ta tumanlararo travmatologiya va qon tomir kasalliklari markazlarida ham navbatchilik tashkil etilgan.
Tez tibbiy yordam xizmati odatdagidek ishlashda davom etadi. Butun mamlakat bo‘ylab 14 ta filial, 189 ta stansiya, 40 ta podstansiya va 1492 ta tayanch punktda 2900 dan ortiq brigada kechayu kunduz navbatchilik qilmoqda. Barcha tug‘ruqxonalar va bolalar davolash muassasalari ham dam olishsiz ishlaydi.
Avvalroq O‘zbekistonda bayram kunlariga qo‘shimcha temir yo‘l, avtomobil va havo transporti qatnovlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi. Bu choralar ichki turizmni rivojlantirish va sayohatlar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Source: podrobno.uz