Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov Financial Times nashriga bergan intervyusida mamlakatda hali ham ma’muriy tartibda narxlari tartibga solinayotgan ayrim kommunal xizmatlar, jumladan suv ta’minoti tariflarini liberallashtirishni yakunlash rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda hukumat davlat tomonidan nazorat qilinadigan narxlardan bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tib bormoqda. Bu jarayon valyuta bozorini liberallashtirish va energetika tariflari islohoti bilan birga inflyatsiyaning oshishiga olib kelgan omillardan biri bo‘ldi.

“Qariyb 10 yil oldin islohotlarni boshlaganimizda, asosiy muammolardan biri tovar va xizmatlarning turli bozorlarida narxlar davlat tomonidan nazorat qilingani bo‘lgan. Bular bozor narxlari emasligi aniq edi”, — dedi u.

Markaziy bank rahbari so‘nggi ikki yil ichida energetika tariflari liberallashtirilganini alohida ta’kidladi. “Ichki xatarlar haqida gapiradigan bo‘lsak, menimcha, muammolarning katta qismini hal qilib bo‘ldik, chunki turli bozorlarda narxlarni bosqichma-bosqich liberallashtirdik. Narxlari hali ham ma’muriy tartibga solinayotgan yana bir nechta tovar va xizmatlar qoldi. Biz ularni ham liberallashtiramiz”, — dedi u.

Financial Times’ning qaysi sohalar nazarda tutilayotgani haqidagi savoliga Ishmetov kommunal xizmatlarni tilga oldi: “Ayrim holatlarda hududiy hokimiyatlar, masalan, suv va ba’zi boshqa kommunal xizmatlar narxlarini tartibga soladi. Biz ushbu sohada ham liberallashtirishni yakunlashimiz kerak”.

Eslatib o‘tamiz, 1-yanvardan ichimlik suvi va oqova suv tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi. Hozirda tariflarni mahalliy kengashlar tasdiqlaydi.

Ishmetov hozirda inflyatsiya taxminan 6,5 foizni tashkil etayotganini, Markaziy bank esa 2027-yilda uni 5 foizli maqsadli ko‘rsatkichga yetkazishni rejalashtirayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yillardagi narxlarni liberallashtirish jarayoniga muqarrar ravishda inflyatsiyaning tezlashishi hamrohlik qilgan.

Tashqi shoklar haqida gapirar ekan, Ishmetov xalqaro mojarolar fonida neft va oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narxlari o‘zgarishini inflyatsiya uchun nisbatan jiddiy xatarlar deb atadi. Fors ko‘rfazidagi mojaro hozircha O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan, biroq logistikaning qimmatlashishi qo‘shimcha omilga aylangan.

“Ochig‘ini aytganda, Fors ko‘rfazidagi mojaro hozircha bizga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilgani yo‘q. Ammo neft narxi oshganda, ertami-kechmi bu hammaga o‘z ta’sirini o‘tkazadi”, — deya qayd etgan u.

Source: www.gazeta.uz