Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

28-avgust kuni O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi yillarda amalga oshiriladigan 7 ta milliy dasturni taqdim etdi. Ushbu dasturlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, ekologiya, qonun ustuvorligi, mahallalarni rivojlantirish va tashqi siyosat kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi o‘n yil mamlakat uchun “milliy yuksalish davri” bo‘ladi. “Biz bunga faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali erisha olamiz”, — dedi u. Birinchi milliy dastur bilim va ko‘nikmalarni “asosiy kapital”ga aylantirishga qaratilgan bo‘lib, bu borada ta’lim va o‘qituvchilarga alohida e’tibor qaratiladi.

Ta’lim sohasida hukumat 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan 100 foiz qamrab olishni, xususiy bog‘chalar uchun imtiyozlarni saqlab qolishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, barcha maktablarni xalqaro baholash dasturlari bilan ta’minlash, texnikumlarda xalqaro standartlarni joriy etish va yuqori daromadli kasblarga o‘qitiladigan yoshlar sonini 1 millionga yetkazish ko‘zda tutilgan. “Yangi O‘zbekistonda kasb-hunar egallamagan birorta ham yigit-qiz qolmaydi”, — dedi prezident. Shuningdek, kamida 10 ta universitetni dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi qatoriga kiritish maqsadi qo‘yilgan.

Ikkinchi milliy dastur aholi salomatligini yaxshilashga qaratilgan. Kelgusi besh yilda davlat xarajatlarini YAIMning 5 foiziga yetkazish, profilaktikaga asoslangan sog‘liqni saqlash modeliga o‘tish va davlat tibbiy sug‘urtasini barcha xonadonlarni qamrab olishini ta’minlash rejalashtirilmoqda. “Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali sog‘liqni saqlash modeliga o‘tamiz”, — dedi Mirziyoyev. Shuningdek, dunyoning yetakchi kamida 5 ta klinikasini jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Uchinchi dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligi yuqori bo‘lgan modelga o‘tkazishni nazarda tutadi. Kelgusi 10 yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, startaplar, venchur moliyalashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar bo‘ladi. “Buning hisobiga kelgusi 10 yilda aholi jon boshiga YAIM 10 ming dollardan oshadi”, — dedi davlat rahbari.

To‘rtinchi dastur suv va tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga qaratilgan. Qishloq xo‘jaligi yerlarini suv tejovchi texnologiyalar bilan 100 foiz qamrab olish, “Yashil makon” harakatini yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilgan. “Maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi”, — dedi prezident. Shuningdek, tuman va shahar markazlarida ko‘kalamzor hududlar ulushini 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Beshinchi dastur sud tizimi mustaqilligini mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan. Huquqiy tarbiya maktabdan boshlab yagona tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosiga qarshi kurash kuchaytiriladi. Oltinchi dastur mahallalarning jamiyat hayotidagi rolini oshirishga bag‘ishlangan. “Xalqimizning kayfiyati, oilalar farovonligi, yoshlarning orzu-intilishlari, tadbirkorlarning tashabbuskorligi avvalo mahallada namoyon bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Mahalla “jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisi”ga aylanishi kerak.

Yettinchi dastur O‘zbekistonning “tinchlik va do‘stlik mamlakati” sifatidagi rolini mustahkamlashga qaratilgan. Prezident mamlakatda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashashi, 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritishini ta’kidladi. “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik — xalqimizning oltin fondi”, — dedi u. O‘zbekiston ochiq, pragmatik va tinchliksevar tashqi siyosatini davom ettiradi. Iqtisodiy diplomatiya ustuvor bo‘lib, 2027-2029-yillarda mamlakat ilk bor Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi. Prezident nutqini “Bugun biz kechagidan kuchlimiz. Xudo xohlasa, ertaga bugungidan ham kuchli bo‘lamiz” degan so‘zlar bilan yakunladi.

Source: www.gazeta.uz