Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi tasdiqlandi.

Yangilangan kengash tarkibiga 40 kishi kiritildi. Ular orasida yirik biznes vakillari, advokatlar, iqtisodchilar va jamoat arboblari bor. Kengash raisi etib Tovar-pul palatasi raisi D. A. Vahobov tayinlandi, uning o‘rinbosari esa tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil A. A. Buriev bo‘ldi.

Kengash tarkibiga “Grand Pharm Trade”, “Orient-Confection”, “Anglesey Food”, “Akfa group”, “Uztex Group”, “Murad Buildings”, “Click”, “American Hospital” kabi kompaniyalar asoschilari va rahbarlari kirdi. Shuningdek, “Veritas Inter Lex” va “Prae Legal” advokatlik firmalari rahbarlari, “United Tax Advisors” asoschisi va boshqa mutaxassislar ham bor.

Jamoatchilik kengashi 2022-yilda prezidentning biznes bilan ochiq muloqoti yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan edi. Uning asosiy vazifalari tadbirkorlar tashabbuslarining bajarilishini jamoatchilik nazorati, davlat organlari, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash, shuningdek tadbirkorlik muammolarini kuzatish va rivojlanish to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlashdan iborat.

Source: uznews.uz