O‘zbekiston prezidenti tomonidan 27-avgust kuni imzolangan farmon bilan kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etildi. Bu qaror tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida qabul qilindi.
Moratoriy davrida kichik tadbirkorlik subyektlarini tekshirish noqonuniy hisoblanadi. Bunday huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Biroq, ayrim istisnolar mavjud: jinoyat ishi doirasidagi tekshiruvlar, inson salomatligiga ta’sirini o‘rganish, mehnat qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlar, fuqarolarning murojaatlari, QQSni qoplash yoki qaytarish hamda tadbirkorlik subyekti tugatilishi bilan bog‘liq tekshiruvlar moratoriyga kirmaydi.
Shuningdek, Biznes ombudsman tomonidan “Samarali nazorat” tadbiri o‘tkaziladi. Uning doirasida nazorat organlarining so‘nggi uch yilda o‘tkazgan tekshiruvlari materiallari joyiga chiqib, to‘liq o‘rganiladi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli choralar ko‘riladi va buzilgan huquqlar tiklanadi.
Biznes ombudsman har olti oyda Prezident administratsiyasiga “Samarali nazorat” doirasidagi ishlar yuzasidan axborot kiritadi. Shuningdek, 2028-yil 1-dekabrgacha tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilishning ishchan, profilaktik va natijaga yo‘naltirilgan mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritadi.
2027-yil 1-yanvardan 2028-yil 31-dekabrgacha huquqiy eksperiment tariqasida o‘rta va yirik tadbirkorlik subyektlari uchun yangi mexanizm joriy qilinadi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar auditorlik tashkilotini jalb qilgan holda soliq va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblash hamda to‘lash bo‘yicha tashabbus tarzidagi auditdan o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Auditorlik xulosasi soliq organlari tomonidan tan olinadi. Audit o‘tkazilgan davr uchun soliq organlari soliq auditi o‘tkazmaydi. Faqat auditorlik xulosasi qamrab olmagan soliq huquqbuzarliklari aniqlangan holatlar bundan mustasno. Agar audit davomida aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun ichida bartaraf etilsa, tadbirkorlik subyektiga moliyaviy jarimalar qo‘llanmaydi.
Mazkur eksperiment doirasida audit o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar reestri Soliq qo‘mitasi tomonidan yuritiladi va uning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi. Auditorlik xulosasini tan olish oqibatida to‘lanmay qolgan soliq va yig‘imlar aniqlansa, buning uchun auditorlik tashkiloti javobgar bo‘ladi.
Farmonga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarida bir yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsmanning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bunda kamera soliq tekshiruvi bundan mustasno.
Tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy jarimalar qo‘llashda “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Unga ko‘ra, qoidani birinchi marta buzgan, biroq fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i yoki boshqalarning mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga darhol jarima solinmaydi. Avval kamchilikni bartaraf etish uchun unga 10 kun muddat beriladi.
2027-yil 1-yanvardan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tugatish yoki vaqtincha to‘xtatib turishga olib kelayotgan sabab va omillarni doimiy tadqiq qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tadbirkor ariza topshirganida, buning sabablari qayd etib boriladi va avtomatik tahlil qilinadi.
Adliya vazirligiga uch oy muddatda farmonda nazarda tutilgan imkoniyatlarni avtomatlashtirilgan tizimda yaratishni ta’minlash topshirildi. Eslatib o‘tamiz, biznes tekshiruvi uchun moratoriy haqida Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2025-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvargacha kichik biznes uchun har qanday qo‘shimcha majburiyatlarga moratoriy joriy etilgan.
Source: www.gazeta.uz