Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zgidromet va Jahon meteorologik tashkilotining prognozlariga ko‘ra, 2026-yil sentabr oyida O‘zbekistonda havo harorati me’yorga yaqin yoki biroz yuqori bo‘lishi kutilmoqda. El-Nino hodisasining kuchayishi global iqlimga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo mintaqaviy omillar ham muhim rol o‘ynaydi.

Tinch okeanining ekvatorial qismida El-Nino jadal kuchaymoqda. NOAA bahosiga ko‘ra, uning 2026-yil kuzi va qishida juda kuchli hodisaga aylanish ehtimoli 90 foizdan yuqori. Bu global atmosfera sirkulyatsiyasiga ta’sir qilib, O‘zbekistonda ham harorat va yog‘ingarchilik rejimining me’yordan og‘ish ehtimolini oshiradi.

Jahon meteorologik tashkilotining 31-iyuldagi global mavsumiy prognoziga ko‘ra, avgust-oktabr oylarida El-Ninoning yanada kuchayishi, dunyoning katta qismida haroratning me’yordan yuqori bo‘lishi va Hind okeanida musbat dipol shakllanishi kutilmoqda. Bu omillar O‘zbekistonda suv resurslariga bosimni kuchaytirishi, qishloq xo‘jaligida suvga ehtiyojni oshirishi va aholi salomatligi uchun issiqlik stressini kuchaytirishi mumkin.

O‘zgidrometning sentabr uchun taqdim etgan maslahatomuz prognoziga ko‘ra, respublika bo‘ylab o‘rtacha oylik harorat +18 darajadan +25 darajagacha o‘zgarishi mumkin. Yog‘ingarchilik kesimida esa oy davomida 0 mm dan 5 mm gacha yog‘in tushishi kutilmoqda. Respublikaning katta qismida sentabr quruqroq kechishi, shimoliy hududlar va Farg‘ona vodiysining ayrim qismlarida esa yog‘in miqdori me’yorga yaqin yoki undan yuqori bo‘lishi mumkin.

Oyning birinchi o‘n kunligida kam bulutli va iliq havo kuzatilib, kechalari 15−20°, kunduz kunlari 30−35°, ayrim kunlarda 37°, janubda esa 38−40° gacha isishi mumkin. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat nisbatan barqaror bo‘lib, kechalari 10−15°, kunduz kunlari 25−30° atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Sentabr — yil davomidagi eng kam yog‘in kuzatiladigan oylardan biri. Yog‘inli kunlar ko‘p bo‘lmaydi, asosiylari oyning ikkinchi yarmida ayrim hududlarga qisqa muddatli nam havo oqimlari kirib kelishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonga kelayotgan nam havo oqimlaridan ko‘proq yog‘in tushishi ehtimoli bor.

Umuman olganda, sentabr bu yil yozni birdaniga ortda qoldirmaydi — aksincha, uni kuzga asta-sekin topshiradi. Oy boshidagi biroz salqinlikdan so‘ng ob-havo tez-tez o‘zgarib turadi: uzoqroq davom etuvchi issiq kunlar qisqa muddatli salqin havo bilan almashib, oyning nisbatan iliq va me’yorida o‘tishini ta’minlaydi. Oyning uchinchi o‘n kunligidan boshlab harorat sezilarli pasayib, yog‘inli kunlar ko‘payishi kutilmoqda.

Mutaxassislar uzoq muddatli prognozlarning aniqlik darajasi pastligini eslatib o‘tishadi. Kuz-qish mavsumida har bir oy uchun 60−70 foizdan yuqori aniqlikda prognoz bera oladigan usullar hozircha mavjud emas, shuning uchun prognozlar faqat maslahat tariqasida qabul qilinishi kerak.

Source: www.gazeta.uz