Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri Yunusobod tumani “Shayx Shibliy” mahallasi Chingiz Aytmatov ko‘chasi 37-uyda 22 qavatli turar joy majmuasi qurilmoqda. Loyiha hujjatlariga ko‘ra, umumiy maydoni 3 gektardan ortiq bo‘lgan hududda 44, 33, 22 va 16 qavatli binolar barpo etiladi. Buyurtmachi “HILLS GROUP” MCHJ, loyihachi “ARX-DIZAYN SAN’ATI” MCHJ, pudratchi “ZIYO-SAN`AT” MCHJ hisoblanadi.

Ushbu qurilish 2023-2024-yillarda sobiq Vaksinatsiya va zardoblar tadqiqot instituti o‘rnida boshlangan. Mahalla ahli avvalari hududda hayvonlar ustida tajribalar o‘tkazilgani va ular shu yerda ko‘milgani, bu esa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfini tug‘dirishi haqida ogohlantirib, qurilishga qarshi chiqqan. Biroq aholi vakillari sudda uch marta yutqazgan.

Hozirda mahalla ahli qurilish ishlari kechayu kunduz olib borilayotgani sabab shovqindan shikoyat qilmoqda. 36-uyda yashovchi Olimjon Obidovning aytishicha, quruvchilar tuni bilan projektorlar yoqib, ertalabgacha ishlashadi. “Yarim kechasi taraqa-tuqur, baqir-chaqir, bir-birini so‘kishadi. Bolalarim uxlolmay yig‘lab chiqadi”, deydi 34-uyda yashovchi Abduhamid Bozorboyev.

2025-yil 12-aprelida Olimjon Obidovning arizasiga ko‘ra, to‘rt nafar quruvchiga nisbatan tungi vaqtda shovqin ko‘targani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. 2026-yil iyul oyi boshida mahalla ahli “Mening Yurtim” telekanaliga murojaat qilgan. Kompaniya rahbari Azamat Ziyoyev ish vaqti 07:00 dan 23:00 gacha ekanini, 23:00 dan keyin ishlash texnik sabablarga ko‘ra bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Olimjon Obidov qurilish sabab uyining devorlari darz ketganini, quruvchi ta’mirlab berishini aytgan bo‘lsa-da, keyin topib bo‘lmayotganini ta’kidlaydi. U 2026-yil iyunida Bosh prokuraturaga murojaat qilib, qurilish hujjatlari va ekspertiza xulosalarining qonuniyligini tekshirishni so‘ragan. Tuman prokuraturasi javobida qurilishga ruxsatnoma 2026-yil 23-aprelda berilgani, obyekt pasportida esa 2024-yil 5-fevral ko‘rsatilgani aytiladi. Inspeksiya tomonidan ko‘rsatmalar berilgani va jarimalar qo‘llangani ma’lum qilingan.

Mahalla ahli qurilajak binoning balandligidan ham norozi. “Ertaga tepangizda tog‘ turgandek bo‘ladi. Tepangizda odamlar yashaydi, tashqariga qaraydi”, deydi Qudrat Yunusov. Shuningdek, bolalar maydonchasi qurilish sabab boshqa joyga ko‘chirilgan, hozirgi ahvoli achinarli, katta kuchlanishli tok bor.

2024-yil avgustida Ekologiya vazirligiga daraxtlar kesilgani haqida murojaat qilingan. Tekshiruv natijasida “HILLS GROUP” direktori o‘rinbosari Jamilbek Kamolovga nisbatan 29 tup qimmatbaho daraxtni ruxsatsiz kesgani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. 6-sentabrda sud Kamolovga 3,4 million so‘m, kompaniyaga esa 32 million 640 ming so‘m jarima solgan.

Hozirda mahalla ahlining asosiy talabi — qurilish ishlarini tungi soatlarda to‘xtatish va bolalar maydonchasini xavfsiz qilib ta’mirlash. Olimjon Obidov: “Shuncha kurashganimning natijasi bir uyum qog‘oz bo‘ldi. Nega bularga hech kimning kuchi yetmaydi? O‘z uyimizda tinch dam olishga haqimiz bor”, deydi.

Source: www.gazeta.uz