Namangan viloyatining Chust shahrida 1904-yil fevralida tavallud topgan Nabixon Xo‘jayev o‘zbek adabiyotining yetuk namoyandalaridan biri sifatida xotiralarda saqlanib qolgan. U Qo‘qondagi eski maktab va madrasalarda tahsil olib, dastlabki she’rlarini 18-20 yoshlarida yozishni boshlagan.
1930-1939-yillarda jamoa xo‘jaliklari va matlubot jamiyatlarida faoliyat yuritgan shoir, 1940-1946-yillarda Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatrida ishlagan. 1944-1945-yillarda Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qilgan, keyinchalik 1970-1976-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan.
Ijodkorning adabiy merosi boy va rang-barang. 1969-yilda “Gul mavsumi” to‘plami, 1977-yilda “G‘azallar” kitobi, 1988-yilda “Hayotnoma”, 1992-1994-yillarda “Sadoqat gullari” va “Ko‘ngil tilagi” devonlari, 2004-yilda esa “Ko‘rguncha xayr endi” nomli to‘plamlari nashr etilgan.
Chustiy taxallusi bilan ijod qilgan shoir “Bog‘i Eram”, “Tirik jannatga kirgan kampir” va “Kiyiknoma” kabi mashhur dostonlar muallifi sifatida tanilgan. U Xusrav Dehlaviy, Sobir Termiziy kabi sharq mumtoz adabiyoti vakillarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Nabixon Xo‘jayev 1983-yil 13-avgustda vafot etgan. Uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida gazeta o‘quvchilarga shoir hayoti va ijodi haqidagi bilimlarini sinash imkonini beruvchi maxsus test tayyorladi.
Source: www.gazeta.uz