O‘zbekiston zamonaviy badiiy hunarmandchilikning yetakchi xalqaro ko‘rgazmalaridan biri bo‘lmish Homo Faber 2026: An Island of Light ko‘rgazmasining to‘rtinchi tadbirida ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma an’anaviy tarzda Venetsiyadagi San-Djordjo-Madjore orolida o‘tkazilmoqda. Kurator sifatida Michelangelo Foundation for Creativity and Craftsmanship jamg‘armasi tayinlangan bo‘lib, u 70 dan ortiq mamlakatdan kelgan 500 nafar ustoz-hunarmand tomonidan yaratilgan 700 dan ortiq san’at asarlarini bir ekspozitsiyada jamlashga muvaffaq bo‘ldi. Ochilish marosimi 1-sentabr kuni Fondazione Giorgio Cini madaniy jamg‘armasida bo‘lib o‘tadi.
Ko‘rgazmada mamlakat sharafini O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi himoya qilmoqda. Tashkilot va Michelangelo Foundation o‘rtasidagi hamkorlik 2022-yilning oktabr oyida Jenevada kelishuv imzolanishi bilan boshlangan. Ushbu hujjat sharofati bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Homo Faber Guide — zamonaviy badiiy hunarmandchilik, amaliy-bezak san’ati va dizayn ustalarini qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish uchun yaratilgan xalqaro onlayn-platforma va yo‘l ko‘rsatkichga qo‘shildi. 2023-yilda mazkur yo‘l ko‘rsatkichga ilk bor o‘zbekistonlik 11 nafar usta kiritilgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 15 taga yetdi.
Jamg‘arma tomonidan Homo Faber 2026 doirasida tashkil etilgan ko‘rgazma xalqaro auditoriyani O‘zbekiston hunarmandchilik maktablarining davomiyligi, mahalliy an’analarning rang-barangligi va ularning zamonaviy badiiy kontekstdagi rivojlanishi bilan tanishtiradi.
“O‘zbekistonda hunarmandchilik — bu shisha ortida saqlanadigan xotira emas. Bu o‘z ustozlaridan puxta egallagan ustalarning qo‘llari bilan so‘zlashadigan va har bir yangi avlod tomonidan yangitdan yozilishda davom etayotgan jismoniy va tirik tildir. 2023-yilda Homo Faber doirasida o‘z vakolatxonamizni ochganimizda aynan mana shu vorislikni saqlab qolishga intilgan edik va bugun u har bir yangi son bilan qanday rivojlanayotganini faxr bilan kuzatyapmiz. Biz shunchaki hunarmandchilikni namoyish etmayapmiz. Maqsadimiz — o‘zbek ustalari dunyoning eng sara ustalari bilan tengma-teng muloqotda, shunchaki ekzotik va ajabtovur narsa sifatida emas, balki tan olingan mualliflar va yaratuvchilar sifatida o‘z o‘rinlarini egallashlaridir”, — dedi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.
Ekspozitsiyada O‘zbekiston an’anaviy amaliy san’atining turli yo‘nalishlarida ijod qiluvchi to‘rt nafar ustaning ishlari namoyish etilgan. Bular — Sanjar Quboyev va Alisher Nazirov muallifligidagi Moonjars yirik shakldagi ikkita keramik kompozitsiya, shuningdek, buxorolik temirchilar — Kamolovlar sulolasi tomonidan yaratilgan beshta badiiy qaychidir. Har bir buyum an’anaviy texnikadan foydalanilgan holda qo‘lda yasalgan bo‘lib, Buxoro temurchilik san’atining ko‘p asrlik an’analariga singib ketgan qushlar motivlariga murojaat qiladi.
Ta’lim dasturi doirasida Madina Qosimboyeva suzana san’ati bo‘yicha turkum ochiq namoyishlar o‘tkazadi hamda tashrif buyuruvchilarni kashtachilikning an’anaviy texnikalari va ushbu hunarmandchilik turi bilan bog‘liq madaniy amaliyotlar bilan tanishtiradi.
Homo Faber 2026 dasturida O‘zbekiston ijodkor yoshlarining yangi avlodi vakillari alohida o‘rin egallaydi. Diyorbek Abdullayev va Sabina Jo‘rayeva 23 mamlakatdagi 62 ta amaliy san’at va dizayn maktablaridan saralab olingan 90 nafar Young Ambassadors qatoridan joy oldi. Bir oy davomida ular Fondazione Giorgio Cini bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dastur doirasida tashrif buyuruvchilarni ko‘rgazma bilan tanishtirib boradi.
Diyorbek Abdullayev Toshkent arxitektura-qurilish institutini tamomlagan bo‘lib, me’mor va rassom sifatida faoliyat yuritadi. Sabina Jo‘rayeva Toshkentdagi Puchon universitetining arxitektura fakultetini tugatgan va Chronos.Arc studiyasi asoschisi hisoblanadi. San’at, hunarmandchilik va madaniy almashinuvchiga bag‘ishlangan ushbu dastur doirasida ular Italiyada bir yarim oy bo‘ladi. O‘zbekistondagi ishtirokchilarni saralab olish jarayoni Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida onlayn formatda bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarning yakuniy tanlovi esa Michelangelo Foundation tomonidan amalga oshirildi.
Ko‘rgazma 30-sentabrga qadar davom etadi.
Source: www.gazeta.uz