Janubiy Koreya politsiyasi Suriyada faoliyat yurituvchi “Katiba at-Tavhid val-Jihod” (KTJ) tashkilotini moliyalashtirish va moddiy qo‘llab-quvvatlashda gumon qilinayotgan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan tergov harakatlarini olib bormoqda. Yonhap agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ulardan biri qo‘lga olingan, yana uch nafari esa tergov ostida.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy gumonlanuvchi tashkilotga 6,3 million von (taxminan 4,6 ming dollar) miqdoridagi kriptovalyutani o‘tkazgan. Shuningdek, u KTJdan olingan kriptovalyutani umumiy qiymati 170 million von bo‘lgan 11 ta eski avtomobil va ikkita ekskavator sotib olishga sarflagani, keyinchalik bu texnikani Suriyaga jo‘natgani taxmin qilinmoqda.
Taxminan 30 yoshli asosiy gumonlanuvchi Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan va aprel oyida qo‘lga olingan. Hozirda u hibsda saqlanmoqda va sud oldida javob bermoqda. Yana uch nafar O‘zbekiston fuqarosi esa, politsiya versiyasiga ko‘ra, unga avtomobillarni topish va sotib olishda yordam bergan. Ular hibsga olinmagan holda tergov qilinmoqda.
Politsiya, shuningdek, asosiy gumonlanuvchining KTJ tarkibida bo‘lgan ukasi bilan aloqa qilganini aniqlagan. Biroq, erkakning o‘zi tashkilotga rasmiy a’zoligi tasdiqlanmagan.
Avvalroq O‘zbekistonda 31 yoshli fuqaro terrorchilik tashkilotlarini moliyalashtirish va Suriyadagi jangarilarga qo‘shilishga urinishda ayblanib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingani xabar qilingan edi.
Source: podrobno.uz