Toshkent va Toshkent viloyatida 2–3 sentabr kunlari O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilarining “Turkiy dunyoning ma’naviy merosi: adabiyot – davrlar va avlodlar muloqoti” mavzusidagi forumi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi, Birinchi turkologik kongressning 100 yilligi va Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan.
Forumning birinchi kuni Bo‘stonliq tumanidagi Qoramanas qishlog‘idagi 34-maktabda boshlandi. Bu yerda birinchi qo‘ng‘iroq marosimi, yangilangan kutubxona va kovorking markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Maktabga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi va Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tomonidan kitoblar topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarining maslahatchilari Xayriddin Sultonov va Malik O‘tarboyev, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Ezozxon Karimova, Qozog‘iston elchisi Erali To‘g‘jonov, ikki davlat yozuvchilar uyushmalari rahbarlari hamda ijodkor ziyolilar ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar adabiy aloqalarni rivojlantirish, turkiy xalqlarning umumiy ma’naviy merosi va adabiyotning avlodlar muloqotidagi rolini muhokama qilmoqda.
Avvalroq, 6 sentabr kuni Toshkentda birinchi doimiy zamonaviy san’at markazi ochilishi, u yerda adabiyot bilan bog‘liq tadbirlar ham o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi.
Source: podrobno.uz