O‘zbekiston soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–avgust oylarida 242 ta taksi agregatori soliq organlarining axborot tizimlariga integratsiya qilingan.
Ushbu davr mobaynida agregatorlar orqali 329 million yo‘l qatnovi amalga oshirilgan. Taksi xizmatlari ko‘rsatishdan tushgan umumiy aylanma 7,2 trillion so‘mdan oshgan.
Mazkur summaning 4,5 trillion so‘mi (63,1%) naqd pulda, qolgan 2,6 trillion so‘mi (36,9%) esa naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali amalga oshirilgan. Bitta chekning o‘rtacha qiymati 21 785,5 so‘mni tashkil etgan.
Agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 481,1 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar shug‘ullanmoqda. Ularning 4107 nafari ayollardir.
Yil davomida tashishdan 100 million so‘mdan ortiq daromad olgan haydovchilar soni 7,9 ming nafardan oshgan (1,6%). Daromad darajalari bo‘yicha taqsimot quyidagicha: 50–100 million so‘m — 31,5 ming haydovchi; 10–50 million so‘m — 124,4 ming; 5–10 million so‘m — 59,9 ming; 1–5 million so‘m — 123,6 ming; 1 million so‘mgacha — 133,7 ming haydovchi (eng katta ulush, 27,8%).
Taksi haydovchilari orasida eng mashhur avtomobillar Cobalt (27%), Nexia (19,3%) va Lacetti (16,1%) ekan. Elektromobillar ulushi 2,5% ni tashkil qiladi.
Avtomobillarning yoshiga ko‘ra, 16,3% mashinalar 1–3 yil oldin, 37,1% — 3–5 yil oldin, 17,3% — 5–10 yil oldin ishlab chiqarilgan, 29,2% esa 10 yildan ortiq vaqtdan beri ekspluatatsiya qilinmoqda.
Yanvar–avgust oylarida taksi agregatorlari tomonidan 149,2 milliard so‘m soliq to‘langan, shu jumladan 46,8 milliard so‘m QQS.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda agregatorlar orqali 479 million yo‘l qatnovi amalga oshirilgan edi. O‘shanda 100 million so‘mdan ortiq daromad olgan haydovchilar soni 15,5 mingdan oshgan, 1 million so‘mgacha daromad olganlar esa 160 mingga yaqin bo‘lgan.
Source: uznews.uz