Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlash tizimini isloh qilish bo'yicha taqdimot bilan tanishdi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabariga ko'ra, yig'ilishda mavjud tizimdagi muammolar va ularni hal etish yo'llari muhokama qilindi.
Taqdimotda qayd etilishicha, respublikada 3,8 millionga yaqin aholi va qariyb 2 mingta ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gaz bilan ta'minlanadi. Joriy yilda aholi va ijtimoiy soha ehtiyojlari uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Biroq, iste'molchilarning 22 foizi gazni 46 kundan ortiq kutishga majbur bo'lmoqda, bu esa jiddiy noqulayliklar tug'dirmoqda.
Shu sababli, aholi qo'shimcha ehtiyojlarini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan bozor narxlarida xarid qilishga majbur. Natijada, ayrim oilalarning oylik xarajatlari belgilangan narxlardan bir necha barobar yuqori bo'lib, ijtimoiy yuk ortmoqda. Mavjud tartibda gaz imtiyozli narxlarda yetkazib berilsa-da, ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlari o'rtasidagi tafovut yildan yilga oshib, budjet subsidiyalariga talab kuchaymoqda.
Prezident bu masalada aholi manfaati ustuvor bo'lishi kerakligini ta'kidladi. U gazning o'z vaqtida yetib borishi, ta'minotda uzilishlarga yo'l qo'ymaslik va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo'llab-quvvatlash zarurligini qayd etdi. Shu maqsadda tizimni bosqichma-bosqich isloh qilish bo'yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Takliflarga ko'ra, "Hududgazta'minot" ta'sischiligida LPG-Trade mas'uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish ko'zda tutilgan. Ushbu tuzilma suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda aholiga yetkazib beradi. Bu chakana narxlarni iqtisodiy asoslangan mexanizmlar asosida shakllantirish imkonini beradi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun har bir kilogramm gaz uchun kompensatsiya to'lash mexanizmi joriy etiladi. Bu orqali narx siyosati bosqichma-bosqich tartibga solinadi va ehtiyojmand oilalar uchun manzilli yordam ko'rsatiladi. Budjet mablag'lari umumiy subsidiya o'rniga aniq iste'molchiga yo'naltirilib, tizimning adolatliligi oshiriladi.
Ijtimoiy soha obyektlari uchun gaz birja narxlarida yetkazib beriladi, aholiga belgilangan narxda sotishdan kelib chiqadigan salbiy tafovut respublika budjetidan qoplanadi. Shuningdek, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish rejalashtirilgan. Andijon viloyatida xususiy operatorlarni jalb etish bo'yicha pilot loyiha amalga oshiriladi.
Operatorlar uchun litsenziya va ruxsatnomalar, malakali xodimlar talabi belgilangan. Xizmatlar kamida ikki operator tomonidan ko'rsatilishi kerak. Iste'molchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar yo'lga qo'yiladi, shaharsozlik normalari va yong'in xavfsizligi talablariga javob beradigan shoxobchalar tashkil etiladi.
Mutasaddilarga gaz yetkazib berish grafigini qat'iy yo'lga qo'yish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish, taqsimotda shaffoflikni ta'minlash, sun'iy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish bo'yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, kompensatsiyalarni o'z vaqtida to'lash, xavfsizlik talablariga rioya etish va xususiy operatorlar faoliyatini nazorat qilish vazifalari belgilandi.
Taqdimotda Jizzax viloyatida barpo etilayotgan atom elektr stansiyasining tashqi infratuzilmasi va yondosh shaharcha qurilishi bo'yicha topshiriqlar ijrosi haqida ham axborot berildi. Islohotlar natijasida suyultirilgan gaz ta'minotida shaffof va barqaror tizim shakllanishi, yetkazib berish muddatlari qisqarishi va budjet mablag'laridan samarali foydalanish kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz