Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlashni isloh qilish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Ushbu uchrashuvda sohani tubdan yangilashga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslar muhokama qilindi.

Takliflarga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab “Davolash ishi” yo‘nalishi o‘rniga olti yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat dasturi joriy etiladi. Besh yillik nazariy ta’limdan so‘ng talabalar bir yil davomida to‘liq amaliy tayyorgarlikdan o‘tadilar, bitiruvchilar esa oilaviy shifokor sifatida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Tibbiyot oliygohlariga qabul kvotalari endi hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyojlari hamda mutaxassislar tanqisligi asosida shakllantiriladi. Davlat buyurtmasi hajmini Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydi, bu esa kadrlar tayyorlashni amaliy talablar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Shifokorlarni tayyorlashda asosiy e’tibor nazariy bilimlardan ko‘ra amaliy ko‘nikmalar va kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratiladi. Takliflar Kembrij, Pensilvaniya va Garvard universitetlari tavsiyalari asosida, xorijiy va mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan bo‘lib, bu xalqaro tajribani hisobga olishni ta’minlaydi.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodovning ma’lum qilishicha, ta’limning qariyb 70 foizi amaliyotga va kasbiy kompetensiyalarni baholashga yo‘naltiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Davolash ishi” yo‘nalishi negizida “Umumiy tibbiyot” yo‘nalishi joriy etilmoqda va talabalarni tayyorlash Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi talablariga muvofiqlashtiriladi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Adxam Xudaykulov ta’kidlaganidek, o‘zgarishlar tibbiyot xodimlarini tayyorlashning butun zanjirini — maktabdagi kasbga yo‘naltirishdan tortib rezidenturagacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab oladi. Tibbiyot kollejlarida o‘quv dasturlari, moddiy-texnika bazasi va amaliyotni tashkil etish tartibi yangilanadi, maktablarda esa tibbiyotga qiziqqan o‘quvchilar bilan kasbga yo‘naltirish ishlari kuchaytiriladi.

Tor mutaxassislarni tayyorlash bosqichma-bosqich rezidentura tizimiga o‘tkaziladi, magistratura esa asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi. Rezidenturada o‘qish muddati mutaxassislikka qarab ikki yildan besh yilgacha davom etishi mumkin. Xudaykulovning qo‘shimcha qilishicha, rezidentura to‘liq davlat granti asosida olib boriladi: “Hozir hurmatli prezidentimiz bizga shunaqa imkoniyat beryaptiki, endi rezidenturani to‘liq davlat granti asosida qilamiz. Ham ishlashsin, ham yaxshi maosh olishsin, ham o‘qishiga ko‘proq e’tibor qilsin, yaxshi mutaxassis chiqsin degan ma’noda”.

O‘zgarishlar o‘rta tibbiyot xodimlariga ham taalluqli. Oliy ma’lumotli hamshiralarning roli kengaytiriladi — ular kasalliklarga tashxis qo‘yish, davolash va oldini olishda shifokorlarga faolroq yordam beradilar. Farmatsevtika ta’limida esa ishlab chiqarish bilan bog‘liqlik kuchaytiriladi: dual ta’lim kengaytiriladi, amaliy mashg‘ulotlar ulushi oshiriladi, talabalar dori vositalarini ishlab chiqish, sifat nazorati va standartlashtirish jarayonlariga jalb etiladi.

Malaka oshirish tizimi ham tubdan o‘zgartiriladi. Oliy ma’lumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari har yili kamida 50 kredit, o‘rta bo‘g‘in xodimlari esa 28 kredit to‘plashlari shart bo‘ladi. TDTU bolalar kardioxirurgi Bobur To‘rayev bu zaruratni tibbiyotning jadal rivojlanishi bilan izohladi: “Tibbiyot — doimiy ravishda o‘zgarib turadigan soha. Yildan yilga amaliyotga yangi davolash va tashxis qo‘yish usullari kirib kelmoqda, mutaxassis diplom olishda o‘rgangan tibbiyot esa bir necha yil ichida o‘zgarib ketishi mumkin”.

Kreditlarni nafaqat malaka oshirish kurslarida, balki konferensiyalarda ishtirok etish, onlayn ta’lim va ish joyida malaka oshirish orqali ham to‘plash mumkin bo‘ladi. Bu jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazini tashkil etish taklif qilinmoqda.

Source: www.gazeta.uz