Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda Humo Air aviakompaniyasidagi 100% davlat ulushini sotish rejalashtirilmoqda. Aviakompaniya prezidentning 28-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan ommaviy savdolarga qo‘yiladigan davlat aktivlari ro‘yxatiga kiritildi.

E’tiborlisi, Humo Air 2022-yil oxirida ham xususiylashtirilgan edi. O‘shanda kompaniyaning 100% ulushini Shveysariyaning ValleyRoad Capital S.A. investitsiya kompaniyasi 27,2 milliard so‘mga ($2,4 mln) sotib olgan. Keyinchalik aviakompaniya loukoster modeli bo‘yicha ish boshlagan.

Yangi hujjatda ko‘rsatilishicha, hozirda Humo Air’ning 100% ulushi yana davlatga tegishli va mazkur butun ulush 2026−2027-yillarda ommaviy savdolar orqali sotilishi kerak. Shu bilan birga, farmonda aviakompaniya qachon va qaysi asoslarga ko‘ra yana davlat mulkiga o‘tganiga aniqlik kiritilmagan.

Bundan tashqari, Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (KTYADR)ning 8-sentabrdagi ochiq ma’lumotlari Humo Air’ning boshqacha mulkchilik tuzilmasini ko‘rsatmoqda. Reyestrga ko‘ra, kompaniyaning 51% ulushi hali ham ValleyRoad Capital’ga, yana 49% ulushi esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (DABA) tegishli.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Gazeta’ga investor bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingani va Humo Air’ning 100% ulushi davlatga qaytarilayotganini tushuntirdi. “Ushbu shartnoma allaqachon bekor qilingan, shu sababli 100 foizlik ulush ortga qaytariladi va bir necha kun ichida egalik huquqining tegishli ravishda o‘tishi rasmiylashtiriladi”, — deya qayd etdi agentlik.

Humo Air 2020-yilning yanvarida davlatga tegishli “Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi” negizida tashkil etilgandi. Tashuvchiga Uzbekistan Airways’ga nisbatan arzonroq muqobil sifatida qisqa ichki reyslarni bajarish uchun 43 ta An-2 samolyoti topshirilgan.

2021-yil dekabrida aviakompaniya haftasiga ikki marta bajariladigan Farg‘ona — So‘x — Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha reyslarni yo‘lga qo‘ydi.

2022-yil oxirida Humo Air’dagi davlat ulushi Shveysariyaning ValleyRoad Capital S.A. kompaniyasiga sotildi. Investor bir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishga rozi bo‘ldi. Xususan, 2026-yilgacha investor 18 ta samolyot, jumladan, 2023-yilning ikkinchi choragi oxirigacha uchta samolyot xarid qilishi kerak edi.

Dastlab yangi egasi birinchi uchta samolyotni qabul qilib olishi va 2023-yil iyun oyi oxirigacha muntazam loukost reyslarini yo‘lga qo‘yishi taxmin qilingandi. Biroq samolyotlar kechikib keldi, shu sababli yo‘lovchi tashish faqat dekabr oyida boshlandi.

Birinchi bosqichda Humo Air Toshkentdan Nukus, Samarqand, Urganch va Qarshi shaharlariga reyslarni amalga oshirishni boshladi. 2024-yil yanvarida yo‘nalishlar tarmog‘i kengayib, Samarqand va Urganch o‘rtasida, shuningdek, Toshkentdan Farg‘onaga reyslar yo‘lga qo‘yildi.

O‘sha davrda aviakompaniya parki Bolgariyaning Fly2Sky kompaniyasidan lizingga olingan ikkita Airbus A320−200 samolyotidan iborat edi.

2024-yil fevral oyi oxirida Humo Air xalqaro yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rish va tizimni yangilash uchun 10-martdan e’tiboran barcha parvozlarni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi.

Mart oyi boshida aviakompaniya Fly2Sky bilan ikkala Airbus A320 samolyotini ham qaytarish bo‘yicha kelishib oldi. Humo Air bu qarorni amaldagi lizing shartnomasi shartlari belgilangan biznes-rejaga muvofiq rivojlanishga imkon bermagani bilan izohladi.

Bir samolyot 2-martda lizing beruvchiga qaytarildi, ikkinchisi esa 10-martgacha reyslarni yakunlashi kerak edi. O‘shanda aviakompaniya yangi lizing beruvchidan havo kemalarini aprel oyidayoq qabul qilib olish va shundan so‘ng muntazam reyslarni qayta tiklashga umid qilayotganini ma’lum qilgandi.

Humo Air ichki yo‘nalishlarni saqlab qolgan holda, asosiy e’tiborni xalqaro tashuvlarga qaratishni niyat qilgandi. Rejalashtirilgan xorijiy yo‘nalishlar qatorida Olmaota, Istanbul va Dubay tilga olingan edi.

Bundan tashqari, tashuvchi yaqin istiqbolda 1000 ta reys bajarish va 200 mingdan ortiq yo‘lovchi tashish niyatida ekanini bildirgan.

Endilikda, birinchi xususiylashtirishdan bir necha yil o‘tib, Humo Air yana aktivlarni sotish bo‘yicha davlat dasturiga kiritildi.

Source: www.gazeta.uz