Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston hukumati Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi 18 ta bozor, savdo kompleksi hamda avtobozorlardagi davlat ulushlarini sotishni rejalashtirmoqda. Bu ro‘yxat prezidentning 28-avgustdagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish to‘g‘risidagi farmoniga kiritilgan.

Ko‘pchilik korxonalarda davlatning ulushi 51% dan 68% gachani tashkil etadi. Sotish shartlari va tartibi mahalliy hokimiyat organlari tomonidan belgilanadi, ammo Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar, baholash va sotish xarajatlari chegirib tashlangan holda, tegishli mahalliy budjetlarga yo‘naltiriladi.

Farmonning alohida ro‘yxatida Toshkentdagi bir qator bozorlar va savdo komplekslarining allaqachon boshlangan xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish nazarda tutilgan. Bu obyektlar orasida “Sergeli”, “Yangiobod”, “O‘rikzor”, “Aviasozlar”, “Farhod”, Qo‘yliq bozori va boshqalar bor. Ularning umumiy maydoni 91,94 gektarni, bino va inshootlar maydoni esa qariyb 519,4 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Sotuvning majburiy sharti sifatida amaldagi bozorlar o‘rnida zamonaviy ekobozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, ko‘ngilochar markazlar hamda ko‘p qavatli avtoturargohlar barpo etilishi belgilangan. “Toshkent invest kompaniyasi” obyektlarni sotuvga tayyorlash uchun biznes-loyihalar va hududlarni rivojlantirish master-planlarini ishlab chiqishi kerak.

Yangi ro‘yxatda eng ko‘p aktivlar Namangan viloyatiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda yettita korxonadagi davlat ulushini sotish ko‘zda tutilgan. Samarqand viloyatida uchta korxonadagi davlat ulushi xususiylashtirishga chiqariladi, shu jumladan Samarqand uy-joylarni ta’mirlash korxonasining 100% ulushi ham. Surxondaryo viloyatida davlat “Lolazor Denov Baraka”ning 51% va Jarqo‘rg‘on dehqon bozorining 54,6% ulushini sotishni rejalashtirmoqda. Toshkent viloyatida Qibray dehqon bozorining 51% ulushi sotuvga qo‘yiladi. Yana beshta aktiv Farg‘ona viloyatida joylashgan.

Prezident farmoni bilan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning yangi bosqichi tasdiqlandi. Umumiy hisobda 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi ulushlar, 1242 ta ko‘chmas mulk obyekti va qariyb 8000 gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish rejalashtirilmoqda. Sotuvga mo‘ljallangan aktivlarning umumiy qiymati taxminan 100 trln so‘mga baholanmoqda. Yil oxirigacha hokimiyat organlari ularni realizatsiya qilishdan kamida 14 trln so‘m tushum olishni mo‘ljallamoqda.

Source: www.gazeta.uz