O‘zbekiston prezidenti tomonidan 28-avgust kuni imzolangan farmon bilan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilandi. Hujjatga ko‘ra, yirik oliy ta’lim muassasalari va respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari bosqichma-bosqich tijoratlashtiriladi.
Ushbu muassasalar xo‘jalik jamiyatlariga aylantiriladi va ularning faoliyatiga xususiy investorlar jalb qilinishi rejalashtirilmoqda. Xususiy kapitalni jalb qilishning asosiy usullaridan biri sifatida bunday tashkilotlarning ustav kapitalidagi aksiyalar paketini ommaviy savdolarga chiqarish ko‘zda tutilgan.
Farmonda o‘zgartirish kiritiladigan oliy ta’lim muassasalari va tibbiyot markazlarining aniq ro‘yxati, shuningdek, investorlarga taklif qilinishi mumkin bo‘lgan paketlar hajmi va amalga oshirish muddatlari keltirilmagan. Bu esa jarayonning shaffofligi va aniqligi bo‘yicha savollar tug‘diradi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil sentabrida prezident beshta tibbiyot markaziga (respublika bo‘yicha jami 24 ta) xorijlik professional menejerlarni jalb qilish yoki ularni xorijdagi klinikalar boshqaruviga berish imkoniyatini o‘rganishni topshirgandi. Bunda turkiyalik mutaxassislar faoliyat yuritayotgan Respublika onkologiya va radiologiya markazi misol sifatida ko‘rsatilgan.
Shuningdek, tijorat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi davlat muassasalari 2026-yil 1-dekabrga qadar xo‘jalik jamiyatlariga aylantirilishi kerak. Faoliyati boshqaruv, ijtimoiy-madaniy yoki boshqa notijorat sohaga taalluqli bo‘lgan muassasalar bundan mustasno.
Bundan tashqari, davlat budjetidan moliyalashtirish manbasiga ega bo‘lmagan davlat muassasalarini tashkil etish taqiqlanadi. Bu norma mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq muassasalarga, shuningdek, prezident qarorlarida alohida nazarda tutilgan holatlarga tatbiq etilmaydi.
Yana bir o‘zgarish davlat ishtirokidagi korxonalar tizimiga kiruvchi muassasa shaklidagi nosohaviy tashkilotlarga taalluqli. Ularni bunday korxonalar tarkibidan chiqarish, xo‘jalik jamiyatlariga aylantirish va ommaviy savdolarga chiqarish topshirilgan.
Ushbu chora-tadbirlar iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha yangi paketga kiradi. Farmon 84 ta jamiyat ustav kapitalidagi davlat ulushlarini, 1242 ta ko‘chmas mulk obyektini va 8 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish va qayta tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ular bo‘yicha boshqaruv organlari 1-noyabrga qadar tugatish yoki qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi, jarayonlarning o‘zi esa to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunchilik qo‘llaniladigan holatlardan tashqari, 2026-yil oxiriga qadar yakunlanishi kerak.
Source: www.gazeta.uz