O‘zbekiston prezidentining yangi farmoni bilan uzoq vaqtdan beri sotilmayotgan davlat aktivlarining bir qismi boshlang‘ich narxi 1 million so‘m etib belgilangan holda elektron auksionlarga chiqariladi. Bu haqda Podrobno.uz xabar bermoqda.
Boshlang‘ich narxi 1 million so‘m bo‘lgan obyektlar ro‘yxati prezident farmoniga alohida ilova sifatida tasdiqlanadi. Davlat organlariga bunday lotlar haqida aholini qo‘shimcha ravishda OAV, ijtimoiy tarmoqlar va hokim yordamchilari orqali xabardor qilish vazifasi yuklatilgan.
Agar davlat aktivi uch oy ichida sotilmasa, uni gibrid anglo-golland modeli bo‘yicha sotishga ruxsat beriladi. Takroriy savdolarda narx avval 2% qadam bilan bosqichma-bosqich pasaytiriladi, so‘ngra ishtirokchi tomonidan taklif qilingan summadan boshlab ko‘tarila boshlaydi.
Savdo muddatlari ham o‘zgaradi. Oddiy elektron auksion va tanlovlar haqidagi e’lonlar 30 kun o‘rniga 15 kun oldin, takroriy savdolar esa 10 kun o‘rniga besh kun oldin joylashtiriladi. Agar takroriy savdoga faqat bitta ishtirokchi kelib qolsa, unga lotni e’lon qilingan narxda sotib olish taklif qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yirik davlat oliy o‘quv yurtlari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini bosqichma-bosqich xo‘jalik jamiyatlariga aylantirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Source: podrobno.uz