Oliy Majlis Senatining 19-majlisida «Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun maʼqullandi. Senatorlar qayd etishicha, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish zarurati transmilliy jinoyatchilikning yangi koʻrinishlari, xususan, davlat chegarasi ostidan yer osti tunnellari qurish va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari bilan bogʻliq.
Qonun bilan Jinoyat kodeksida davlat chegarasi ostidan noqonuniy tunnellar va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, shuningdek, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bundan tashqari, bunday noqonuniy inshootlardan foydalangan holda davlat chegarasini kesib oʻtish yoki kontrabanda jinoyatlarini sodir etish uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, qonunda insonparvarlik tamoyili ham oʻz aksini topgan. Xususan, bunday turdagi jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar noqonuniy tunnel haqida ixtiyoriy ravishda xabar bergan yoki jinoyatning ochilishiga faol koʻmaklashgan boʻlsa, shuningdek, uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi boʻlmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartirishlar kiritiladi. Davlat chegarasi ostidan noqonuniy tunnellar qurish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergov harakatlari Davlat xavfsizlik xizmati organlari tergovchilari tomonidan olib borilishi belgilanadi.
«Qonun davlat chegarasining daxlsizligini mustahkamlash, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligini oshirish, milliy va iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash hamda mamlakatda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi», — deyiladi parlament yuqori palatasi xabarida.
Source: uznews.uz