Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar Kengashi qarori loyihasiga ko‘ra, 1-oktabrdan jamoat transportida bir martalik yo‘l haqi elektron to‘lovda 2 500 so‘m, naqd pulda esa 3 000 so‘m etib belgilanishi taklif qilinmoqda. Hozirgi tarif 1 700 so‘m bo‘lib, elektron to‘lovda 47 foizga oshirilmoqda. Loyiha 19-sentabrga qadar muhokama uchun joylashtirilgan.

Yangi cheklangan tariflar poytaxtdagi avtobus yo‘nalishlari va metropolitenda joriy etilishi rejalashtirilgan. Bagaj olib yurish haqi 4 000 so‘m etib belgilanmoqda. Barcha summalar QQS bilan ko‘rsatilgan. Shuningdek, transport kartalari uchun safarlar soniga qarab yangi tarif rejalari, bir soat ichida jamoat transporti turlari o‘rtasida almashib o‘tilganda imtiyozli va bepul tariflar joriy etish nazarda tutilgan.

Faqat avtobuslarda safar qilish uchun cheklanmagan tariflar, avtobus va metroda birgalikda safar qilish uchun ham cheklanmagan tariflar taklif etilmoqda. To‘liq narxga nisbatan 23 foiz chegirma bilan safar paketlari joriy etilishi mumkin. Avtobus va metro birgalikda ishlatilganda birinchi safar 2 500 so‘m, keyingi almashib o‘tishlar esa safarlar ketma-ketligiga qarab 1 500 so‘m yoki bepul bo‘ladi. Bir soatlik tarif doirasida metrodan faqat bir marta foydalanish taklif etiladi.

Tarif oshirilishi jamoat transportini subsidiyalash xarajatlari ortib borayotgani bilan izohlanmoqda. Prognozga ko‘ra, 2026-yilda xizmatlar hajmi 2,3 trln so‘mni tashkil etsa, yo‘l haqi to‘lovlaridan tushum atigi 630 mlrd so‘m yoki 27,4 foizni tashkil qiladi. Budjetdan moliyalashtirishga ehtiyoj 1,7 trln so‘mga baholanmoqda. Avgust oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish instituti tariflarni bosqichma-bosqich iqtisodiy asoslangan darajaga yaqinlashtirishni taklif qilgan edi.

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda jamoat transporti uchun subsidiyalar 1,385 trln so‘mga yetgan. Toshkentda transport tizimi xarajatlarining 65,1 foizi subsidiyalar hisobidan qoplanmoqda. Kam yuklangan yo‘nalishlarni optimallashtirish va tashuvchilarga to‘lovlarni xizmat sifati ko‘rsatkichlariga bog‘lash taklif qilingan. Toshkent jamoat transportida yo‘l haqi so‘nggi marta 2023-yil noyabrda 1 400 so‘mdan 1 700 so‘mga oshirilgan edi.

Source: www.gazeta.uz